Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti va Yandex Uzbekistan hamkorligida O‘zbekistonda informatika o‘qituvchilari uchun bepul kurslar yo‘lga qo‘yildi, deb xabar qildi kompaniya matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga.
Kurslar davomida o‘qituvchilar neyrotarmoqlar haqida ko‘proq ma’lumot olishi hamda Python’da dasturlash asoslari bilan tanishishi mumkin bo‘ladi. Kurslar nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni o‘z ichiga oladi, bu materialni Python tilini bilmay turib o‘zlashtirish va uni mashg‘ulotni tugatgandan so‘ng darhol ish jarayonida qo‘llash imkonini beradi.
Kurs materiallari Yandex mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, kurslarning o‘zi Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti tomonidan amalga oshirilayotgan uzluksiz malaka oshirish tizimining bir qismiga aylanadi.
Kompaniyaning ta’kidlashicha, kurslar bepul va vaqt chegarasi yo‘q, barcha qo‘shimcha materiallar esa ishtirokchilarda doimiy qoladi. Ular Python’da asosiy konstruksiyalardan tortib obyektga yo‘naltirilgan dasturlash asoslarigacha bo‘lgan mavzularni o‘z ichiga olgan oltita bo‘limni taqdim etadi. O‘qituvchilar o‘z ishiga eng mos keladigan mavzu va topshiriqlarni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Qisqa anketani to‘ldirib, kurslarga yozilish mumkin. Kurslar onlayn formatda o‘tkaziladi, bu esa o‘qituvchilarning asosiy ishidan chalg‘imay, o‘zlari uchun qulay bo‘lgan sur’atda o‘qishini ta’minlaydi. Kurslarni tugatgandan so‘ng ishtirokchilar bolalar uchun Python dasturlash bo‘yicha qo‘shimcha materiallar va o‘quv jarayoniga integratsiyalashuvi oson bo‘lgan avtotekshirish bilan bog‘liq tayyor masalalarga ega bo‘ladi.
“Biz uchun ta’lim sohasidagi loyihalarimiz O‘zbekiston fuqarolariga IT sohasini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga yordam berishi muhim. Shuning uchun biz turli shaharlarda dasturlash maktablari, ishlab chiquvchilar uchun stajirovka dasturlari va intensiv kurslarni yo‘lga qo‘ymoqdamiz, yangi kurslar esa turli viloyatlardagi ko‘plab informatika o‘qituvchilari uchun sifatli va zamonaviy o‘quv materiallaridan foydalanish imkonini beradi”, — dedi Yandex Uzbekistan boshqaruvchisi Izzat Shukurov.
“Yandex Uzbekistan bilan hamkorlik o‘qitishning zamonaviy usullarini joriy etish va o‘qituvchilar uchun imkoniyatlarni kengaytirish imkonini bermoqda, — deydi Pedagogik mahorat milliy instituti rektori. — Mazkur loyiha nafaqat informatika fani o‘qituvchilarining kasbiy rivojlanishiga ko‘maklashadi, balki O‘zbekiston ta’lim tizimini har tomonlama modernizatsiya qilishga hissa qo‘shib, kelajakdagi vazifalarga tayyor mutaxassislarning yangi avlodini shakllantirish imkonini beradi”.