11-noyabr kuni BMTning Jenevadagi shtab-kvartirasida Suriyadan qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi muhokama qilindi. Bu haqda Global hamkorlik va barqarorlik fondi (GCERF) bilan mazkur tadbirni tashkil etgan O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) xabar berdi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad qurolli mojaroli hududlardan qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini taqdim etish hamda prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yaqinda tashkil etilgan Mintaqaviy ekspertlar kengashi faoliyatini ochiqlashdan iborat.
Anjumanda BMT bosh kotibi o‘rinbosari Vladimir Voronkov, BMT Xavfsizlik kengashining Terrorizmga qarshi kurash qo‘mitasi ijroiya direksiyasi rahbari Natalya German, Global hamkorlik va barqarorlik fondi direktori Xalid Koser, Xavfsizlik siyosati bo‘yicha Jeneva markazi direktori Tomas Greminger, shuningdek, Markaziy Osiyo, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining BMTning Jeneva bo‘linmasidagi doimiy vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida 2019-yildan buyon mintaqa davlatlari Suriya va Iroqdagi qurolli mojaroli hududlardan 2200 nafarga yaqin fuqarosini, asosan, ayollar va bolalarni vataniga qaytargani alohida qayd etildi. “Maxsus reabilitatsiya va reintegratsiya dasturlari ularning osoyishta hayotga qaytishiga va o‘z oilalari va jamiyatlari bilan munosabatlarini tiklash imkonini berdi”, — deyiladi xabarda.
SMTI direktori Eldor Aripov o‘z nutqida O‘zbekistonning terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashdagi yangicha yondashuvlari haqida gapirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy e’tibor ta’lim va jaholatga qarshi kurashish masalalariga qaratilmoqda. Mamlakatda Islom dinining insonparvarlik va tinchliksevar mohiyati, uning Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rni haqidagi haqiqiy bilimlarni ommalashtiradigan Xalqaro Islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Termiziy, Moturudiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek, Xalqaro islom sivilizatsiyasi markazi faoliyat ko‘rsatmoqda.
“Diniy siyosat bag‘rikenglik va inklyuzivlik tamoyiliga asoslanadi. O‘zbekistonda ekstremizm va radikalizm tarqalishiga millatlararo va dinlararo totuvlikni qo‘llab quvvatlash samarali to‘siq bo‘lib xizmat qilmoqda”, — deya ta’kidlandi anjumanda.
O‘zbekiston xalqaro majburiyatlarni bajarish doirasida birinchilardan bo‘lib o‘z fuqarolarini qurolli mojaroli hududlardan vataniga qaytardi. 2019-yildan buyon 530 dan ortiq O‘zbekiston fuqarosi, asosan ayollar va bolalar o‘z yurtlariga qaytarildi. Ularga tibbiy, ijtimoiy va psixologik yordam ko‘rsatildi. Kasbiy ta’lim va bandlik dasturlari ishlab chiqildi.
Fuqarolik jamiyati va mahalliy hamjamiyat reabilitatsiya jarayonlariga jalb etilib, ish gender va yosh xususiyatlarini sinchkovlik bilan hisobga olish asosida qurilayotgani qayd etildi.
BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i Vladimir Voronkovning BMTga a’zo davlatlar uchun O‘zbekiston tajribasidan kelib chiqqan holda reabilitatsiya va reintegratsiya qilish strategiyasini ishlab chiqish dolzarb ekanligini ta’kidladi. U “Toshkentning ushbu modeli inson huquqlari va qadr-qimmatini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, reabilitatsiya va reintegratsiya jarayonlarida muhim ahamiyatga egaligini” qayd etdi.
GCERF direktori Xalid Koser O‘zbekiston modeli boshqa davlatlar uchun yo‘l xaritasi bo‘lib xizmat qilishini alohida qayd etdi. “Bu usul fuqarolarni qurolli mojaro hududlardan qanday qilib samarali, insonparvar va inson huquqlarini hurmat qilgan holda qaytarish mumkinligini ko‘rsatdi”, — dedi u.
Tomonlar prezident tashabbusi bilan 2024-yilda BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi shafeligida tashkil etilgan Reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha mintaqaviy ekspertlar kengashi faoliyatini muhokama qildi. Kengash Markaziy Osiyoning barcha davlatlaridan ekspert va mutaxassislarni birlashtirgan. Uning doirasida qaytarilgan shaxslarning normal va to‘laqonli hayotga muvaffaqiyatli integratsiyalashuvini ta’minlaydigan bilimlar, usullar va dasturlar to‘planadi.
“Toshkentda tashkil etilgan Kengash bu borada ilg‘or tajriba va o‘rganilgan saboqlar almashishni kuchaytirishga ko‘maklashishiga ishonchim komil”, — deya qayd etdi BMT Xavfsizlik kengashi Terrorizmga qarshi kurash qo‘mitasi ijroiya direksiyasi rahbari Natalya German.
YXHTning terrorizmga qarshi kurash bo‘limi rahbari o‘rinbosari Feizo Numanayning so‘zlariga ko‘ra, “vakillar bir necha mahallalarda bo‘lib, odamlarni reabilitatsiya qilish va integratsiyalashuvi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ulkan ishlarni ko‘rganlarida, Toshkentdagi mahalliy hamjamiyatlarning faoliyati YXHTda katta taassurot qoldirgan”.
YeIning Jenevadagi BMT va boshqa xalqaro tashkilotlardagi delegatsiyasi xodimi Mattia Toaldo Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta’minlashda yordamini davom ettirishga, jumladan, fuqarolarni qurolli mojaroli hududlardan vataniga qaytarish masalalarida tayyorligini bildirdi.
“O‘zbekiston asosiy hamkor va biz mintaqada barqarorlikni saqlashga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda davom etish niyatidamiz”, — dedi diplomat.
BMTning Jeneva bo‘linmasidagi Markaziy Osiyo davlatlarining doimiy vakillari ham mintaqaning barqaror rivojlanishi va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha bir-birlarining sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan holda ochiqlik va ishonch tamoyillari asosida Mintaqaviy ekspertlar kengashi doirasida o‘zaro hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdi.