Ukraina hukumati urush davrida mamlakat uchun ichki harakatlar rejasi — “matonat rejasi” ustida ishlamoqda, u kelgusi haftada ukrainaliklarga taqdim etiladi, dedi davlat rahbari Vladimir Zelenskiy.
Reja bandlari orasida Ukrainaning “madaniy suvereniteti” ham bor. U mamlakat madaniy merosi, zamonaviy madaniyat va madaniy diplomatiyani qamrab oladi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, band “ukraincha kontent” ishlab chiqishni va “Ukrainadagi madaniy hamjamiyatning haqiqiy va samarali birlashishiga” ko‘maklashishni nazarda tutadi.
Rejada, shuningdek, “mamlakat bo‘ylab, har bir mintaqada, har bir hamjamiyatda” xavfsizlik moddasi ham mavjud. “Bu — asos. Har bir kishimiz uchun zarur bo‘lgan xavfsiz makon”, — dedi Zelenskiy.
Bundan tashqari, rejada energetika va qurol-yarog‘, jumladan, uni mamlakat ichida ishlab chiqarish va Ukraina hamkorlariga yetkazib berish punktlari bo‘ladi.
“Jami o‘nta band… va har bir band bo‘yicha biz Ukraina fuqarolik jamiyati, oqilona g‘oyalarni kiritishga tayyor bo‘lgan barcha odamlar bilan birgalikda Ukraina uchun, bizning barqarorligimiz uchun asosiy, doktrinal hujjatni tayyorlaymiz. Aniq ilovalar bilan. Qadam-baqadam. Unda biz Ukraina g‘alabasini ta’minlash uchun ichki imkoniyatlarimizdan qanday foydalanishimiz, g‘alaba degan so‘zga haqli da’vo qilishimiz mumkinligi bayon etiladi. Har birimiz — har bir ukrainalik”, — dedi Zelenskiy.
- Oktabr oyida Ukraina hukumati Rossiya bilan urushda “g‘alaba rejasi”ni taqdim etgandi. U besh banddan iborat bo‘lib, xususan, NATOga kirish, Ukrainada “kompleks yadroviy bo‘lmagan to‘xtatish paketi”ni joylashtirish va Yevropadagi Amerika kontingentini ukrainalik harbiy qismlar bilan almashtirishdan iborat.