Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-noyabr kuni O‘zbekistonda kasalliklarni erta aniqlash va samarali davolashga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar qilishicha, so‘nggi 7 yilda bu tizimga ajratilayotgan mablag‘lar 6 karra oshirilgan. Oldin faqat Toshkentda bajarilgan 400 dan ortiq yuqori texnologik amaliyotlar bugun viloyat va tumanlarda ham o‘tkazilayapti.

Kasalliklarni erta aniqlash maqsadida onkologiya, endokrinologiya, kardiologiya markazlari hududlarda skrining tekshiruvlari olib borayapti. Masalan, 1 mln 700 ming nafar ayol skrining qilinib, 49 mingida saraton oldi kasalliklari topilgan. Bu yil yarim yillikda 122 ming nafar aholida yurak qon-tomir va qandli diabet erta bosqichda aniqlangan.

Davolashdagi eng katta muammo — kasallikning kech yuzaga chiqishi. Shu bois prezident tashabbusi bilan Qashqadaryoda tajriba tariqasida onkologiya bo‘yicha har bir erta aniqlangan holat uchun tibbiyot brigadalariga 2 mln so‘mdan mukofot berish joriy qilindi.

Natijada oilaviy shifokorlar o‘z mahallasidagi 51 nafar ayol va bolalarda shunday belgilarni aniqladi. Buning uchun 102 mln so‘m mukofot puli berilib, kech bosqichda sarflanadigan 8 mlrd so‘m mablag‘ tejalgan.

Tahlillarga ko‘ra, jami onkologik kasalliklarning o‘rtacha 20−25 foizi ayollardagi ko‘krak bezi va bachadon saratoniga to‘g‘ri keladi. Shu bois bu borada skrininglarni kengaytirish va ularning reyestrini yuritish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, 2024-yilda gematologiya, kardiologiya, endkrinologiya kasalliklarini erta aniqlash va ularni davolash bo‘yicha uch yillik dasturlar yakuniga yetadi. Mutasaddilarga erishilgan natijalarni hisob-kitob qilib, ularning muddatini uzaytirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudayarov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida O‘zbekistonda bachadon bo‘yni saratoni bilan kasallangan 10 225 nafar ayol dispanser nazoratida turganini aytdi.

“Shu paytgacha bizlar, asosan, onkologik kasalliklarning asoratlari bilan kurashib kelgan bo‘lsak, bu yildan boshlab skrining tizimiga, ya’ni fuqarolarimizda onkologik kasalliklarni erta aniqlash jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha keng qamrovli ishlarni olib boryapmiz”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyevga bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratoni kasalliklarini skrining va nazorat qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi qaror loyihasi taqdim etilgan. Hujjatga ko‘ra, tibbiy xizmatning birlamchi bo‘g‘inida keng qamrovli skrininglar jarayonlari o‘tkaziladi. Bunda polimeraz zanjirli reaksiya (PSR) tekshiruvi va sitologik tekshiruvlar o‘tkazilishi natijasida ayollarda bachadon bo‘yni saratonini erta aniqlash foizini imkoniyatlarini ko‘tarish maqsad qilingan.

Skriningni tashkil etish Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bolalikni muhofaza qilish ilmiy-amaliy markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi zimmasiga yuklatiladi.

Bunda 30 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan ayollar yiliga bir marta PSR va har ikki yilda bir marta mammografiya orqali skrining qilinadi.

Bundan tashqari, Uzinfocom tashkiloti saraton kasalliklarini ro‘yxatga olish platformasida bemorlarning elektron ma’lumotlar bazasini ishlab chiqadi.

Mutaxassislar tayyorlash uchun Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bolalikni muhofaza qilish ilmiy-amaliy markazi huzurida alohida o‘quv markazi tashkil etiladi. U bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratonini tekshirish va davolash bilan shug‘ullanadi.

Hujjatda, shuningdek, moliyalashtirish va diagnostika usullarini samarali yo‘lga qo‘yish masalalari bilan shug‘ullanuvchi nodavlat notijorat tashkilotlari va xususiy tibbiyot tashkilotlari vakillari, Iqtisodiyot va Moliya vazirligi mutaxassislaridan iborat alohida kengash tashkil etish ham nazarda tutilgan.