15-noyabr kuni O‘zbekiston prezident tomonidan imzolangan qonun [O‘RQ-999-son] bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining ayrim moddalariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritildi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar qildi. Qonun Senat tomonidan 24-oktabr kuni ma’qullangandi.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 248-moddasi to‘rtinchi qismiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish orqali ichki ishlar organlarining 185−2 (Sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish) va 187-moddalari (Jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish) bo‘yicha probatsiya nazoratidagi shaxslarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi bayonnomani tuzish vakolatini probatsiya xizmatining katta inspektori va inspektoriga berish normasi belgilab qo‘yilmoqda.
Senat yalpi majlisida probatsiya bo‘linmalari xodimlarining nazorati ostidagi shaxs tomonidan huquqbuzarlik sodir etilgan taqdirda unga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzish uchun uni hududiylik jihatdan yaqin orada joylashgan tayanch punkti profilaktika inspektorining oldiga olib borib, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish kerakligi probatsiya xodimining ish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ortiqcha vaqt sarflanishiga sabab bo‘layotgani aytilgandi.
Ma’lum qilinishicha, 2023-yilda 83 763 nafar shaxs ichki ishlar organlarining probatsiya nazoratida turgan bo‘lsa, 2024-yilning 9 oyida bu ko‘rsatkich 86 226 nafarni tashkil etgan, ya’ni 2024-yilda bunday shaxslar 2463 taga ko‘paygan.
2023-yilda ma’muriy nazoratda turgan 4167 nafar shaxs sudlar tomonidan o‘rnatilgan taqiq (cheklov)larga rioya qilmagani uchun ularga birinchi marotaba ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. 2024-yilning 9 oyida 3153 nafar shaxsga ma’muriy bayonnomalar tuzilgan.
Aynan shu toifadagi shaxslar sudlar tomonidan belgilangan taqiq (cheklov)larga bir necha bor rioya qilmaganligi uchun 2023-yilda 717 nafar va 2024-yilning 9 oyida esa 637 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 226-moddasi (Ma’muriy nazorat qoidalarini buzish) bo‘yicha javobgarlikka tortilgan.