O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 15-noyabr kuni prezident huzurida aholi va iqtisodiyotni energiya bilan ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish yakunlariga izoh berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbari mutasaddilarga cheklovlarsiz uzluksiz elektr ta’minotini ta’minlash bo‘yicha topshiriq bergan. Shu bilan birga, barcha energetika quvvatlarini ishga tushirib, qo‘shni davlatlar energetika tizimlari bilan elektr energiyasi tovar aylanmasini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.
“2024-yilning noyabr oyi o‘tgan noyabrga nisbatan salqinroq bo‘lib, qor yog‘ib, harorat -3 darajagacha, ayrim hududlarda -8 darajagacha pasaygan. Bu tabiiy gaz va elektr energiyasi iste’molini keskin oshirdi. Ushbu [iste’mol] rejimlarini ta’minlash uchun zarur zaxira resurslari jalb qilindi. Gaz omborlarida yetarli hajmda gaz to‘planishi hisobiga gaz bilan ta’minlandi. Aholi uchun ham, iqtisodiyot tarmoqlari uchun ham uzluksiz yetkazib berish ta’minlandi,” — dedi u “O‘zbeksiton 24” telekanaliga bergan intervyusida.
Mirzamahmudov, shuningdek, harorat -10, -20 darajagacha pasayganda oylar va tumanlar kesimida harakatlar rejasi tayyorlangani, shuningdek, mas’ul organlarning vazifalari — qazib olish, magistral tarmoqlar, tashish va har bir stansiyaning ishigacha belgilanganini ma’lum qildi.
“Bu masalalar bo‘yicha ham mas’uliyat, ham majburiyatlar belgilangan,” — dedi u.
Avvalroq, energetika vaziri kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida bazaviy va pessimistik ssenariylar ishlab chiqilganini ma’lum qilgan edi. Kritik vaqtlarda, -20 darajadan yuqori haroratda yirik iste’molchilar va yoqilg‘i quyish shoxobchalari uchun gaz yetkazib berish cheklanadi, mazutdan foydalanish ko‘paytiriladi, yirik korxonalarga energiya resurslari yetkazib berish cheklanadi va boshqalar.
Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevning aytishicha, yig‘ilishda soliq organlariga ishlab chiqarishdan iste’molgacha bo‘lgan zanjirning barcha bosqichlarida gaz hisobini ta’minlash bo‘yicha topshiriq berilgan.
Xususan, ishlab chiqarish va tashish korxonalarida o‘rnatilgan barcha hisoblagichlarni soliq organlari tizimlari bilan to‘liq integratsiya qilish rejalashtirilgan.
“Elektron hisoblagichlarning elektron hisob-fakturalar bilan o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash, hisob-kitoblar bo‘yicha shaffof va avtomatik tizim yaratish bo‘yicha topshiriq berildi. Biz hozir ishlab chiqaruvchilar, UzGasTrade, „O‘ztransgaz,“ „Hududgazta’minot“ korxonalari bilan ishlayapmiz, integratsiyani boshladik. Bizda deyarli barcha hisoblagichlarning 98 foizi ko‘rsata boshladi. Biz to‘liq avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimini yaratamiz,” — dedi u.
Hisoblagichlarni soliq organlarining ma’lumotlar bazasi bilan integratsiya qilish haqida 2023-yil may oyida aytilgan edi.
Yig‘ilishda kuz-qish mavsumida O‘zbekiston iste’molchilariga 21 mlrd kub metr gaz yetkazib berish rejalashtirilgani ta’kidlandi. Keskin sovish holatida harakat rejasi va ijtimoiy muassasalarni uzluksiz energiya bilan ta’minlash choralari ishlab chiqilgan. Hududlarda gazni tejash imkoniyatlarini ishga solish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Avvalroq Energetika vazirligi rahbari qish mavsumiga qadar O‘zbekistonning yer osti gaz omborlarida 5,1 milliard kub metrdan ortiq gaz to‘planganini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu o‘tgan yilga nisbatan 1,1 mlrd kub metrga ko‘p. Shuningdek, u qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga energiya ishlab chiqarish ko‘payishini ta’kidladi.
To‘qqiz oyda “moviy yoqilg‘i” ishlab chiqarish hajmi 33,5 milliard kub metrni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,8 foizga yoki 1,68 milliard kub metrga kam. Shu bilan birga, O‘zbekiston gaz importining o‘sishi bilan gaz eksportini oshiradi.