Abxaziyadagi norozilik namoyishlari fonida prezident Aslan Bjaniya iste’foga chiqishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.

Bjaniya namoyishchilar hukumat binolarini bo‘shatishi sharti bilan iste’foga chiqishga tayyorligini aytdi. “Men Abxaziyadan ketdi deyishmoqda, lekin bu yolg‘on, men Abxaziyadaman. Biz mening hokimiyatimni saqlab qolish uchun emas, balki davlatchilikni saqlab qolish uchun to‘plandik. Prezident ma’muriyatini qo‘lga olganlar u yerdan chiqib ketishi kerak”, — dedi u Tamish qishlog‘ida o‘z tarafdorlari bilan uchrashuvda.

Bjaniyaning aytishicha, agar u iste’foga chiqsa, mamlakatni vitse-prezident Badra Gunba boshqaradi. U keyingi prezidentlik saylovlarida yana o‘z nomzodini ko‘rsatishini ta’kidladi.

Ammo muxolifat vakillari Abxaziya prezidenti tomonidan va’da qilingan muddatidan oldin iste’foga chiqish evaziga Suxumidagi egallab olingan hukumat binolarini tark etishdan bosh tortdi, deb yozadi Euronews. Muxolifat yetakchilaridan biri Adgur Arzinba Aslan Bjaniya lavozimidan ketmaguncha ular tarqalmasligini aytdi.

Namoyishchilar, shuningdek, prezident ma’muriyati hovlisida gulxan yoqdi, deb xabar berdi RIA Novosti.

Foto: RIA NovostiFoto: RIA Novosti

Shanba kuni kechqurun parlament va boshqa hukumat binolari namoyishchilar nazorati ostida qolmoqda, ma’muriyat hovlisida namoyishchilar bor. Vaziyat tinchligicha qolmoqda, hukumat majmuasi hududida va uning atrofida xavfsizlik kuchlari yo‘q.

Hukumat va muxolifatning inqirozdan chiqish bo‘yicha maslahatlashuvlari yakshanba kuni davom etadi.

Hammasi nimadan boshlandi?

Juma kuni Rossiya bilan “investitsiya bitimi” ratifikatsiya qilinishiga qarshi namoyishchilar parlament oldidagi maydonga kirdi va hukumat binolarini egalladi.

Parlament kvorum yetarli emasligi (majlisda 35 deputatdan faqat 21 nafari ishtirok etgan) va “bunday sharoitda ishlash”ni istamasligi sababli qonunni ko‘rib chiqmadi. Biroq namoyishchilar kelishuvni kun tartibidan olib, qayta ishlashga yuborishni talab qildi.

Namoyishchilar va militsiya o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda kamida 14 kishi jarohatlangan. Huquq-tartibot idoralari xodimlariga tuxum va shishalar uloqtirildi, xodimlar bunga javoban tutunli granata ishlatdi.

Aksiya ishtirokchilarining bosimi ostida hukumat investitsiya bitimi loyihasini parlamentdan qaytarib olishga va’da berdi.

Rossiya bilan bitimning mohiyati

30-oktabr kuni Moskvada Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov va Abxaziya bosh vaziri o‘rinbosari, iqtisodiyot vaziri Kristina Ozgan Rossiya kompaniyalariga Abxaziya hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkonini beruvchi kelishuvni imzoladi.

Muxolifat yetakchilaridan biri, prezidentlikka sobiq nomzod Adgur Arzinbaning ta’kidlashicha, respublikada 2014-yildan buyon investorlar uchun kafolatlar, alohida shartlar va imtiyozlar nazarda tutilgan investitsiya qonuni mavjud. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi bitim Abxaziyaning iqtisodiy suverenitetiga halokatli ta’sir ko‘rsatadigan kvartiralar sotuvini qonuniylashtirishga qaratilgan.

Muxolifat nazoratsiz qurilishning o‘sishi uy-joy narxini oshirib, mahalliy aholining badavlat rossiyaliklar oldidagi huquqlarini cheklaydi, deb hisoblaydi.