12-noyabr kuni Toshkent viloyati Piskent tumanidagi Akmal Ikromov dala hovlilar punktida noma’lum shaxslar itlarni otib tashladi. “Mehr va oqibat” hayvonlarni himoya qilish jamiyati holat aks etgan kuzatuv kameralaridagi video va fotolarni e’lon qilarkan “itlarning ommaviy o‘ldirilgani” haqida xabar berdi.

Tasvirda qo‘llarida qurol bo‘lgan erkaklar ko‘cha bo‘ylab mashinada yurgani, so‘ngra ulardan biri o‘q uzgani va itning qichqirig‘i eshitilganini ko‘rish mumkin. Bundan tashqari, fotosuratlarda bir nechta, jumladan, hovlilardagi itlar o‘ldirilgani, ulardan birining boshidan otilganini ko‘rish mumkin.

Hududda yashovchi fuqaro E.Z. o‘zining bir iti o‘lgani, ikkinchisi esa og‘ir ahvolda veterinariya klinikasida ekanligi haqida xabar bergan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, itlarni otish jarayonida ichki ishlar, hayvonlarni tutish bo‘linmasi xodimlari va ovchilar bo‘lgan.

“Mehr va oqibat” jamiyati Ichki ishlar vazirligiga ushbu holatga aniqlik kiritish va hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lganlarni hamda qurol ishlatgan shaxslarni qonun bo‘yicha jazolashni so‘rab murojaat qildi.

Viloyat IIBB matbuot xizmati vaziyat nazoratga olingani, “voqeada ishtirok etgan fuqarolarda bo‘lgan ov qurollari tegishli tartibda olib qo‘yilgani”ni ma’lum qildi. Biroq jarayonda qancha odam ishtirok etgani, qancha qurol olib qo‘yilgani va ularga qanday ayblovlar qo‘yilgani ochiqlanmagan.

Hozirda holat yuzasidan hududiy IIB tomonidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirib, sudga yuborish chorasi ko‘rilmoqda, deyiladi xabarda. Boshqarma natija bo‘yicha qo‘shimcha axborot berilishiga ishontirdi.

O‘zbekistonda hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik

O‘zbekistonda hayvonlarni tutuvchi xizmatlarning jonivorlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lishi dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda.

2019-yilda “Gazeta.uz” Samarqandda it va mushuklar ommaviy ravishda zaharlangani haqida reportaj e’lon qilgan. 2018-yilda Jizzax viloyati Paxtakor tumanida hayvonlar yillar davomida qirib kelinayotgani haqida xabar berilgan. Shuningdek, Toshkentdagi hayvonlarni tutuvchi xizmatning holati haqida ham yozilgan.

2022-yilning mart oyida Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida itlarni ommaviy tutish va ularga nisbatan shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lish, jumladan, ularni o‘ldirish holatlari qayd etilgan. 2023-yilning sentabr oyida Xorazm viloyati Hazorasp tumani obodonlashtirish bo‘limi xodimlari aholining egasiz itlar tufayli bolalari maktabga borolmayotgani bo‘yicha qilgan shikoyati sababli 13 ta egasiz va daydi itni zaharli xo‘rak yordamida o‘ldirgan.

Prezident 2019-yilda nazoratsiz hayvonlarni tutish va saqlash sohasi bo‘yicha qarorni imzolagandi. Hujjatda aholi punktlarida kuchuk va mushuklarni saqlash qoidalari hamda nazoratsiz hayvonlarga nisbatan rahmli bo‘lishni ta’minlaydigan ularni tutish va vaqtincha saqlash qoidalarini takomillashtirish ta’kidlagan.

Bundan tashqari, tutilgan nazoratsiz hayvonlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, ularni identifikatsiyalovchi belgilar (fotosuratlar, birkalar, namunaviy belgilar va boshqalar) ko‘rsatilgan holda joylashtirish uchun umum foydalaniladigan axborot tizimining faoliyat yuritishi yo‘li bilan uy hayvonlari egalarini xabardor qilish chora-tadbirlarini takomillashtirish ko‘zda tutilgandi. Shu bilan birga, shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari qoshida nazoratsiz hayvonlarni tutish bo‘yicha bo‘limlarning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish dasturi ishlab chiqilishi rejalashtirilgandi.

O‘sha paytda Davlat ekologiya qo‘mitasi (hozirgi Ekologiya vazirligi) tomonidan hukumat qarori loyihasi ham e’lon qilingan. Unda egalari yo‘q hayvonlarni tutuvchi otryadlarni hokimliklar qoshidagi obodonlashtirish boshqarmalarining egalari yo‘q hayvonlarni qutqarish xizmatiga aylantirish, shuningdek, maxsus boshpana qurilishi uchun yer uchastkalarini ajratish taklif qilingan edi.

Prezidentning 2023-yil iyundagi “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorida “uy hayvonlari va qarovsiz hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish holatlari ko‘payib borayotgani, ularni identifikatsiya qilish, chiplash, emlash va sterilizatsiya qilishning zamonaviy tizimi mavjud emasligi” qayd etilgan.

Ushbu rejalarga qaramay, hayvonlarni tutish xizmatlarini yaxshilash va ularning ishini insonparvarlikka yo‘naltirish bo‘yicha jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmadi.