AQSh prezidenti Jo Bayden ilk bor Ukrainaning Rossiya hududiga ATACMS uzoq masofaga uchuvchi raketalarini qo‘llashiga ruxsat berdi, deb yozmoqda New York Times manbalarga tayanib.
Nomlari oshkor etilmagan rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, gap Kursk viloyatida Ukraina kuchlarini himoya qilish uchun ATACMS uzoq masofali raketalaridan foydalanish haqida ketmoqda. Ammo keyinroq Bayden Kiyevga ATACMS`dan “boshqa joylarda ham” foydalanishga ruxsat berishi mumkin, deb yozadi NYT.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Bayden Rossiyaning Shimoliy Koreya qo‘shinlarini jangovar harakatlarga jalb qilish qaroriga javoban Ukrainaga Rossiya hududiga zarba berish uchun ATACMS ishlatishga ruxsat bergan.
Kiyev yaqin kunlarda Rossiya hududiga uzoqqa otish qurollari bilan zarba berishni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi Reuters o‘z manbalariga tayanib. Oq uy bunga izoh berishdan bosh tortdi. Manbalarga ko‘ra, dastlabki zarbalarning masofasi 306 km gachani tashkil etadi.
Tramp o‘z lavozimini egallaganida Baydenning qarorini bekor qiladimi yoki yo‘qmi, aniq emas, deya ta’kidlaydi Reuters. Tramp uzoq vaqtdan beri AQShning Ukrainaga moliyaviy va harbiy yordami ko‘lamini tanqid qilib keladi va qanday qilib ekanini tushuntirmasdan, urushni tezda tugatishga va’da bermoqda.
Shunga qaramay, Kongressdagi ba’zi respublikachilar Baydenni Ukraina AQSh tomonidan yetkazib beriladigan qurollardan qanday foydalanishi mumkinligi haqidagi qoidalarni yumshatishga chaqirgan.
Rossiya Ukrainada AQSh qurollaridan foydalanish bo‘yicha cheklovlarni yumshatish harakatini jiddiy eskalatsiya sifatida ko‘rishi haqida ogohlantirgan.
Garchi ba’zi AQSh rasmiylari uzoq masofali zarbalarga ruxsat berish urushning umumiy yo‘nalishini o‘zgartirishiga shubha bildirgan bo‘lsa-da, bu qaror Rossiya kuchlari yutuqlarga erishayotgan bir paytda Ukrainaga yordam berishi va, ehtimol, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar paytida Kiyevni yaxshiroq muzokaralar olib borishga yordam berishi mumkin, deyiladi xabarda.
- ATACMS — modifikatsiyaga qarab 150 dan 300 kilometrgacha bo‘lgan uzoq masofali ballistik raketalardir. May oyida uzoq muhokamalardan so‘ng AQSh Ukrainaga Rossiyaning chegaradosh hududlariga zarba berish uchun 80 kilometrga yaqin masofaga uchadigan HIMARS reaktiv artilleriyasidan foydalanishga ruxsat bergandi — ammo faqat Xarkov yaqinida, sababi u yerda Rossiya armiyasi hujumga o‘tmoqchi bo‘lgan. O‘shanda Ukrainaning iltimosiga qaramay, ATACMS`dan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlashdan bosh tortilgan.