17-noyabr kuni ertalab Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududiga, jumladan, Kiyev, Odessa, Krivoy Rog, Dnepr va Rovnoga raketa va dronlar bilan hujum uyushtirdi.
Odessada hujum tufayli shaharning barcha elektr transporti to‘xtatildi, deya xabar berdi shahar rahbari Gennadiy Truxanov. O‘z navbatida, Rovno rahbari Aleksandr Tretyak aholini tinchlikni saqlashga va pana joylarni tark etmaslikka chaqirdi.
Kiyev meri Vladimir Klichkoning ma’lum qilishicha, Pecherskiy tumanida urib tushirilgan dron oqibatida turar joy binosi yonib ketgan. Jabrlangan ayol shifoxonada qolmoqda. Hududdagi park, binolar va boshqa inshootlarga ham dron parchalari qisman zarar keltirgan. Shuningdek, Ukraina poytaxti bo‘ylab qanotli raketalar uchirildi, deb ma’lum qildi Ukraina havo kuchlari qo‘mondonligi.
Lvov viloyatiga ham zarbalar berildi. Chervonograd tumanida raketa parchalari qulashi sababli garajlar va avtomobil yonib ketdi, dedi viloyat rahbari Maksim Kozitskiy.
Nikolayevda dronning turar joy binosiga urilishi oqibatida uch ayol halok bo‘ldi, to‘rt nafar katta yoshlilar va ikki bola jarohatlandi, dedi viloyat rahbari Vitaliy Kim.
Kiyevda raketa hujumi tufayli elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda. Shuningdek, Donetsk va Dnepropetrovsk viloyatlarida ham favqulodda o‘chishlar sodir bo‘ldi.
Ukraina energetika vaziri German Galushchenkoning aytishicha, Rossiya raketa hujumining maqsadi mamlakat energetika tizimi bo‘lgan. “Rossiya raketalari butun Ukraina bo‘ylab elektr energiyasi ishlab chiqarish va uzatish obyektlariga hujum qildi. Ommaviy hujum tufayli „Ukrenergo“ ba’zi shahar va viloyatlarda elektr energiyasini favqulodda o‘chira boshladi. Xususan, Kiyev, Dnepropetrovsk, Cherkas, Xmelnitskiy va Donetsk viloyatlarida favqulodda o‘chirishlar mavjud”, — dedi u.
“Bugungi o‘qqa tutishlar Ukraina infratuzilmasi bo‘yicha “eng yirik havo hujumlaridan biriga aylandi”, — Ukraina dedi tashqi ishlar vaziri Andrey Sibig. “Bu — harbiy jinoyatchi Putinning yaqinda qo‘ng‘iroq qilgan (Germaniya kansleri Shols nazarda tutilmoqda — tahr.) va uni ko‘rgani kelganlarga (BRIKS sammiti — tahr.) haqiqiy javobi. Tinchlikka tinchlik o‘rnatish orqali emas, kuch bilan erishishimiz kerak”, — deb yozdi u o‘zining X sahifasida.