Shavkat Mirziyoyev 18-noyabr kuni Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va tadbirkorlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Prezidentning fevral oyidagi tashrifi davomida viloyatni rivojlantirishga doir takliflar berilgan va ular asosida bir qator ishlar amalga oshirilgan. Masalan, Oltinko‘l va Jalaquduqdagi 600 gektarda xitoylik investorlar tomchilab sug‘orish orqali qalampir yetishtirib, qayta ishlash loyihasini boshlagan. Bu orqali gektaridan 15 ming dollarlik mahsulot eksport qilish hisob-kitob qilingan.

Paxtaobod tumanida BAA kompaniyasi bilan hamkorlikda 470 gektarda gilos va rezavor mevalar yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Tadbirkor investitsiya majburiyatini o‘z vaqtida bajarayotgani uchun davlatdan infratuzilma qilib berishni so‘ragan.

andijon, prezident

Viloyatdagi 4 ta parrandachilik korxonasi faoliyatini tiklab, ehtiyojmand oilalardagi 650 nafar odamni ishga olish imkoniyati aniqlangan.

Ta’kidlanishicha, Asakadagi ADM Electrics korxonasi avtomobillar uchun 28 turdagi sim o‘tkazgich va multimedia tizimlarini ishlab chiqaradi. Onix, Tracker, Kia Sonet kabi modellarda mahalliylashtirish kengaytirilsa, korxonaning quvvati va daromadi oshadi, qayd etdi prezident.

Yig‘ilishda Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov shu kabi imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha qaror loyihasini taqdimot qildi. Unda 2025-yilda Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar nazarda tutilgan.

andijon, prezident

Jumladan, 3,1 milliard dollar miqdorida investitsiya o‘zlashtirish, 334 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish, 305 ming nafar aholi bandligini ta’minlash hamda 1 milliard dollar miqdorida eksport qilish vazifasi belgilangan.

Shuningdek, viloyatda aholi zichligi inobatga olinib, yer masalasida imkoniyatlar yaratiladi. Qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan maydonlar, jumladan, qir-adirlardan jami 1 ming 800 gektar yerning toifasi o‘zgartiriladi. U yerlarda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish majmualari, uy-joylar qurish rejalashtirilgan.

Davlat rahbari takliflarni ma’qullab, yangi imkoniyatlardan samarali foydalanish, loyihalarni zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlash, aholining bandligini va daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.