Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi Askiya dehqon bozori to‘liq rekonstruksiya qilinadi. Bu haqda 18-noyabr kuni tuman hokimligi tomonidan o‘tkazilgan uchrashuvda ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, yig‘ilishda tuman rahbari Nilufar Allabergenova xaridorlar bozorga kelib-ketishda qiyinchiliklarga duch kelayotgani, avtoturargoh kichkina ekani va majmua ochiq hududda joylashgani noqulayliklar tug‘dirayotganini aytgan.

Ayni paytda eskirib qolgan bozorni qayta qurish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Bu borada bir necha sarmoyadorlar tomonidan takliflar bildirilgan. Shundan kelib chiqib, bozor hududini “E-auksion” orqali investorlarga taklif etish rejalashtirilgan.

Foto: Yakkasaroy tumani hokimligi axborot xizmatiFoto: Yakkasaroy tumani hokimligi axborot xizmati

Uchrashuv davomida tuman hokimi sotib olish taklifi bilan chiqqan investorga Toshkent shahar hokimligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi poytaxt hududiy boshqarmasi va Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi bilan kelishilgan holda:

  • eng kamida umumiy maydoni 3000 kv/metr hududidagi ekobozor;
  • eng kamida umumiy maydoni 1200 kv/metr hududidagi sovitkich omborxona;
  • yerosti avtoturargohining birinchi qavatini (eng kamida 400 dona avtoturargohni) jamiyatga beg‘araz o‘tkazib berish bo‘yicha talablar qo‘yilishi haqida to‘xtalib o‘tdi.

Yakkasaroy tuman hokimligining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, auksion uchun boshlang‘ich badal miqdori obyekt Davlat aktivkarini boshqarish agentligi tomonidan baholangandan so‘ng aniq bo‘ladi. Shuningdek, qurilish ishlariga qancha vaqt sarflanishi ham sarmoyador tomonidan ishlab chiqilgan loyihaga bog‘liq bo‘ladi.

Bozor qayta ta’mirlanishi ortidan quyidagi natijalarga erishish ko‘zda tutilmoqda:

  • loyiha amalga oshirilishi natijasida 150 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtiriladi;
  • yangi bozor yonida jahon standartlariga mos ravishda quriladigan 4 yulduzli mehmonxona ish boshlaydi;
  • loyiha yirik savdo kompleksini o‘z ichiga olib, unga ham jahon standartlari asosida yulduz olinadi;
  • loyiha to‘liq quvvatda ishga tushirilishi natijasida esa mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Bundan tashqari, hududda zamonaviy o‘rindiqlar, velosipedlar uchun joy, Wi-Fi tarqatuvchi hududlar, eskalator, imkoniyati cheklanganlar uchun maxsus panduslar, hojatxonalar tashkil etiladi. Yangi quriladigan ekobozorni xorijiy va mahalliy sayyohlar tashrif buyuradigan bozorga aylantirish rejalashtirilgan.

Hokimlikning qo‘shimcha qilishicha, obyektda qurilish ishlari qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bozori faoliyatiga ta’sir o‘tkazmagan holda, ya’ni ushbu bozor faoliyatini to‘liq saqlagan holda amalga oshiriladi. Ekobozor qurilishi yakunlangandan so‘ng qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bozori ushbu bozor hududiga bosqichma-bosqich ko‘chiriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tarixiy shaharlardagi bozorlarni sayyohlar uchun jozibador maskanlarga aylantirish hamda Toshkent va boshqa shaharlardagi yangi bozorlar loyihalari bilan tanishgandi.

Aprel oyida esa davlat rahbari xorijlik investorlar Yunusobod dehqon bozoriga 40 million dollar sarmoya kiritish va uni yerostida ikki qavat, yerustida olti qavatli bozorga aylantirishni taklif qilganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bozor bir qavatli bo‘lgani uchun “dimiqib ketgan”.