Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari davlat budjeti ijrosini nazorat qilish mexanizmlarini kuchaytirishi zarur. Bu haqda 18-noyabr kuni yangilangan parlament quyi palatasining birinchi majlisida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.
Yangi Konstitutsiyaga ko‘ra, davlat budjetining ijrosini nazorat qilish Qonunchilik palatasining mutlaqo vakolatiga kiradi.
Davlat rahbari nazorat mexanizmlarini kuchaytirish maqsadida hukumat tomonidan davlat budjeti bo‘yicha barcha hisobotlarni faqat Budjet kodeksida nazarda tutilgan auditorlik xulosa bilan birga palataga taqdim etish amaliyotini joriy etishni taklif etdi.
Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev parlament qo‘mitalarining davlat budjeti ijrosini nazorat qilishdagi rolini oshirish muhimligini ta’kidladi.
Hozir, uning so‘zlariga ko‘ra, budjet mablag‘larining birlamchi taqsimlovchilari (vazirlik va idoralar) xarajatlari ustidan parlament nazorati deyarli sezilmayapti. Yangi deputatlarga bu masalaga alohida e’tibor qaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Parlamentning joylarda aholi farovonligini oshirish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqishdagi ishtiroki ham katta ahamiyatga ega, dedi prezident.
Masalan, 2024-yilda hududlarni rivojlantirish, ijtimoiy va infratuzilma obyektlarini barpo etish, mahallalarni obodonlashtirish bo‘yicha investitsiya dasturlarini amalga oshirishga 30 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi.
Davlat rahbari ushbu dasturni qabul qilishda qaysi deputat ishtirok etgani va uning ijrosi yuzasidan kim hisobot berishini talab qilganligi haqida savol berdi.
Shu bois, Shavkat Mirziyoyev deputatlar investitsiya dasturlarini tayyorlashda albatta ishtirok etadigan va ularning fikrlari hisobga olinadigan tizim yaratishni taklif qildi.
Bundan tashqari, tuman va shaharlarning moliyaviy imkoniyatlarini oshirish maqsadida 2025-yildan boshlab yer solig‘i, mol-mulk solig‘i va aylanmadan olinadigan soliqlarning to‘liq hajmini, shuningdek, daromad solig‘ining kamida 50 foizini joylarda qoldirish taklif etildi.
Yangilangan Konstitutsiya bo‘yicha kamida 100 ming ovoz to‘plagan qonunchilik takliflari parlamentda ko‘rib chiqiladi. Shavkat Mirziyoyev fuqarolarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qonunchilik palatasi huzurida Jamoa tashabbuslari bo‘yicha parlament komissiyasini tashkil etish taklifini bildirdi.
Prezident aholisi 37 milliondan ortiq bo‘lgan O‘zbekistondek ulkan mamlakat parlamenti a’zosi bo‘lish har bir deputat uchun katta sharaf ekanini ta’kidladi.
“Deputat — bu xalq xizmatchisi, barchaga o‘rnak bo‘ladigan, siyosiy bilimi va ongi yuksak, o‘z Vatanini chin dildan sevadigan insondir. Oila, mahalla va butun jamiyatda tinchlik, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, xalqaro maydonda O‘zbekiston manfaatlarini qat’iy himoya qilishda xalqimiz, barchamiz avvalo sizlarga tayanamiz. Men Prezident sifatida sizlarni bu yo‘lda doimo qo‘llab-quvvatlashga tayyorman”, — dedi u.
Davlat rahbari “barchamiz bir tanu bir jon bo‘lib, sidqidildan mehnat qilib, jonajon Vatanimizni albatta tom ma’noda erkin, obod va farovon mamlakatga aylantiramiz” deb fikr bildirdi.
Yangi davrda O‘zbekiston parlamenti haqiqiy xalq uyiga, uning quyi palatasi esa g‘oyalar generatori, sog‘lom raqobat va bahslar maydoniga aylanishi kerak, dedi prezident. U parlamentdagi muxolifatni faollashtirish zarurligini ta’kidlab, uning huquqlarini kengaytirishni taklif qildi.