Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an 18-noyabr kuni Rio-de-Janeyroda o‘tadigan G20 davlatlari rahbarlarining uchrashuvida ayni sharoitda Rossiya-Ukraina urushini muzlatish bo‘yicha o‘z taklifini taqdim etadi, deb xabar berdi Bloomberg.
Erdog‘anning taklifiga ko‘ra, Ukraina “Putinga yon berish sifatida” mamlakatning NATOga a’zo bo‘lishi masalasini muhokama qilishni kamida 10 yilga kechiktiradi.
Shuningdek, Erdog‘an Donbass sharqida demilitarizatsiya zonasini tashkil etish va u yerda “qo‘shimcha kafolat sifatida” xalqaro qo‘shinlarni joylashtirishni taklif qilmoqda. Bundan tashqari, Turkiya prezidenti Ukrainaga NATO a’zosi bo‘lmaslik uchun tovon sifatida harbiy ta’minot bilan ta’minlashni taklif etmoqda.
Turkiya rasmiylari Bloomberg bilan suhbatda Ukraina bunday taklifni qabul qilishi qiyin bo‘lishini, ammo ularning fikricha, “bu eng real yondashuv” ekanini aytgan. Agentlikning yozishicha, Turkiya rasmiylari “bosib olingan hududlarning taqdiri haqidagi munozaralarni uzoq muddatli istiqbolga qoldirmoqchi va asosiy e’tiborni o‘t ochishni to‘xtatishni ta’minlashga qaratmoqchi”.
Erdog‘an Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni Istanbuldagi muzokaralarda ishtirok etishga ko‘ndira olishiga umid qilmoqda, chunki agentlik manbalariga ko‘ra, Turkiya rahbari “Ukraina harbiy harakatlar to‘xtatilmasa, yaqin oylarda yana ko‘plab hududlarni yo‘qotishi mumkinligidan dalolat beruvchi razvedka ma’lumotlarini olgan”.
G20 sammiti 18−19-noyabr kunlari Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tadi. Rossiya va Turkiya G20 a’zosi, Ukraina esa yo‘q. Ukraina prezidenti sammitda ishtirok etmaydi, chunki Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva Zelenskiyning taklif qilish haqidagi iltimoslarni e’tiborsiz qoldirdi, deb yozadi Bloomberg.
Meduza`ning yozishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin hibsga olish bo‘yicha xalqaro order amal qilayotgani sababli sammitga bormasligini ma’lum qilgan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 16-noyabr kuni “Suspilne” nashriga bergan intervyusida Ukraina hukumati urush 2025-yilda diplomatik yo‘l bilan tugashi uchun “barcha choralarni ko‘rishi kerak” degandi.