Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yangi tarkibidagi birinchi majlisida nutq so‘zladi.
Davlat rahbari 27-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan saylov natijalariga ko‘ra parlament quyi palatasi tarkibi qariyb 60 foizga yangilangani, 87 nafar yangi deputat saylanganini ta’kidladi.
Deputatlarning 11 nafari 35 yoshgacha, ilk bor yoshlar parlamentining 2 nafar vakili Qonunchilik palatasi deputati etib saylandi. Deputatlarning 38 foizini ayollar tashkil etgani “mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatkichdir”.
Tarixda ilk bor nogironligi bo‘lgan fuqaro Qonunchilik palatasi deputati etib saylandi. “Bu — parlamentimizni tom ma’noda inklyuziv organga aylantirish, ushbu qatlam manfaatlarini yanada keng ifoda etish yo‘lida navbatdagi muhim qadam bo‘lgani e’tirof etildi”, — dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev o‘tgan besh yil davomida quyi palata samarali faoliyat ko‘rsatganini ta’kidladi. Avvalo, parlamentning to‘rtinchi chaqiriq deputatlari mamlakatning kelgusi taraqqiyot yo‘nalishini belgilab bergan Konstitutsiyani yangi tahrirda tayyorlash va qabul qilishda jonbozlik ko‘rsatdi.
Quyi palata tomonidan 130 dan ortiq yangi va yaxlit qonunlar qabul qilindi. Bu — oldingi davrga nisbatan 1,5 karra ko‘p.
Prezident o‘tgan chaqiriqda faoliyat ko‘rsatgan deputatlarga samarali mehnatlari uchun chin dildan minnatdorchilik bildirdi.
Parlament faoliyatining yutuqlari muhokama qilinar ekan, e’tibordan chetda qolgan masalalar ham borligi ta’kidlandi. Prezident ularning ayrimlariga to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan va aniq ijro mexanizmlariga ega qonunlar ulushi kamligicha qolmoqda. Parlament nazorati to‘laqonli ta’sirchan institutga aylandi, deb hozircha aytib bo‘lmaydi, parlament va deputatlik nazorati ijtimoiy soha bilan cheklanib qolmoqda.
“Deputatlarning saylov okrugidagi faoliyati asosan uchrashuvlar tashkil etish, shikoyat va savollarga rasmiy javob berishdan iborat bo‘lib qolmoqda. Misol uchun, islohotlarning muhim qismi bo‘lgan kambag‘allikni qisqartirish masalasida deputatlarimiz hali o‘z o‘rnini topa olgani yo‘q”, — dedi davlat rahbari.
Prezident quyi palataning yangi tarkibi qayd etilgan masalalar bo‘yicha yangicha ishlashiga umid bildirdi va kelgusi besh yilda Qonunchilik palatasi oldida ulkan vazifalar turganini ta’kidladi.
Palatadagi 12 ta qo‘mita o‘rnida 10 ta yangilangan qo‘mita tashkil qilindi. Ilk bor parlamentda Tadbirkorlik, raqobat va sanoat qo‘mitasi tuzilgani ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.
Prezident “endi palatadagi qo‘mitalar a’zolari bilim va tajribasini tinimsiz oshirib, mas’uliyatni chuqur his etib, yanada ko‘proq mehnat qilishlari lozimligini, puxta bilim, professional malakaga ega bo‘lgan deputatgina quruq gap va populizmdan yiroq bo‘lishini” ko‘rsatib o‘tdi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, har bir qo‘mita qoshida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat jamoatchilik kengashlari tuzilishi kerak.
Mirziyoyevning aytishicha, eng katta kamchilik — vazirliklar quyi bo‘g‘inda, ayniqsa, tuman va shahar darajasida samarali ish tashkil eta olmayapti. Endi aholi bilan bevosita muloqot qilib, odamlarni qiynayotgan muammolarni joyida hal etish ular uchun bosh vazifa bo‘lishi kerak.
“Bundan buyon har bir rahbar va mutasaddi faoliyatiga aynan shu mezon asosida baho beriladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bundan tashqari, prezident deputatlarni vakolatlari doirasida o‘z okruglaridagi tuman va shahar darajasida so‘rov va talabni hech tortinmasdan kuchaytirishga chaqirdi.
Prezident, shuningdek, deputatlarni tuman va shahar miqyosida so‘rov va talablarni kuchaytirish bo‘yicha o‘z vakolatlaridan faolroq foydalanishga chaqirdi.
U qonunchilik faoliyati, eng avvalo, jamiyatdagi dolzarb muammolar yechimiga, xalqning og‘irini yengil qilishga qaratilishi kerakligini ta’kidladi.
Masalan, O‘zbekistonda aholi soni yiliga qariyb 1 millionga oshmoqda. Bu — yangi uy-joylarni ko‘paytirishni taqozo etmoqda. Lekin dehqonchilik uchun zarur yerlar uy-joy qurishga berib yuboraverilsa, ertaga qayerga ekin ekamiz, oziq-ovqat xavfsizligi nima bo‘ladi, degan savollar dolzarb bo‘lib bormoqda.
Shu bois, aholi va keng jamoatchilikning fikrini o‘rganib, eskirgan uylar o‘rnida zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylar qurish uchun “Renovatsiya to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish kerakligi ta’kidlandi.
Prezident, shuningdek, so‘nggi paytlarda uy-joy qurib berishni va’da qilgan quruvchi va unga ishonib sarmoya kiritgan aholi o‘rtasida nizolar uchrayotgani haqida gapirdi.
Bunday holatlarning oldini olish maqsadida fuqarolarning uy-joy qurilishiga jalb etilgan mablag‘larini kafolatli himoya qilishga qaratilgan qonunni qabul qilish lozimligi qayd etildi.
Shavkat Mirziyoyev tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, ajratilayotgan mablag‘lar o‘z egasiga yetib borishini ta’minlash uchun majburiy tibbiy sug‘urta tizimini albatta qonun bilan mustahkamlab qo‘yish vaqti kelganini ta’kidladi.
Uning fikricha, “xususiy maktab va bog‘cha quraman”, degan investorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga yanada keng sharoitlarni yaratib berish masalalariga e’tibor berish lozim.
Moliyaviy texnologiyalar, raqamli “market-pleys”lar, “veb-servis”, “bond omborlari” kabi yangi tijorat maydonlari kundalik hayotga jadal kirib kelmoqda. Shu nuqtai nazardan, franchayzing, kapital bozori, “startap”lar sohasidagi munosabatlarning qonuniy asoslarini yaratish zarurligi ta’kidlandi.
Deputatlar sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asoslarini yaratish masalasiga ham alohida e’tibor qaratish juda muhimligi qo‘shimcha qilindi.
Prezident 2025-yilda ilk bor elektr energiyasi onlayn ulgurji bozori ishga tushishini ma’lum qildi. Shu bois, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladigan bu sohada bozor mexanizmlarini joriy qilishning huquqiy asoslarini yaratishni tezlashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev quyi palatada qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uyg‘unlashtirish hamda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni tezlashtirish masalalari bo‘yicha parlament komissiyalari tashkil etishni taklif qildi.
U yangi tuzilayotgan parlament komissiyasi tashabbusni qo‘lga olib, qonunlarni Jahon savdo tashkiloti qoidalariga to‘liq moslashtirishni kelgusi yilda yakuniga yetkazishiga ishonch bildirdi.
“Yangi davrda parlament chinakam xalq uyi, uning quyi palatasi esa g‘oyalar generatoriga, sog‘lom raqobat, bahs va munozaralar maydoniga aylanishi kerak”, — dedi davlat rahbari. U parlamentdagi muxolifatni jonlantirish zarurligini qayd etib, uning huquqlarini kengaytirishni taklif qildi.