Futbol bo‘yicha Shimoliy Koreya terma jamoasi bosh murabbiyi Sin Yon-Nam va futbolchi Xan Kvan Son 18-noyabr kuni O‘zbekistonga qarshi o‘yindan oldingi matbuot anjumanida ishtirok etdi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi.
“Ertangi uchrashuvda muvaffaqiyat qozonish uchun qo‘limizdan kelgan barcha imkoniyatni ishga solamiz. Buning uchun yetarlicha tayyorgarlik ko‘rdik”, — deya ta’kidladi Sin Yon-Nam.
Uning aytishicha, Shimoliy Koreya terma jamosida O‘zbekistonga qarshi o‘yin uchun alohida strategiya mavjud.
“O‘yin bilan bog‘liq barcha tayyorgarliklarni puxta bajardik. Uchrashuv davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlarga moslashish juda muhim. Futbolchilarimiz o‘yinga to‘liq tayyor va yaxshi natijaga erishish uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz”, — dedi u.
Matbuot anjumanida qatnashgan Shimoliy Koreya terma jamoasi hujumchisi Xan Kvan Son ham O‘zbekiston terma jamoasi chuqur o‘rganilgani va ularga qarshi qanday o‘ynash kerakligi aniqlab olinganini ta’kidladi.
“Shu sababli ertangi bahsda yaxshi natijalarga erishamiz, deb o‘ylayman. Biz O‘zbekisonga qarshi dastlabki uchrashuvda kutilgan natijaga erisholmadik. Bu muvaffaqiyatsizlik sabablarini tahlil qilib, navbatdagi o‘yin uchun chuqur tayyorgarlik ko‘rdik. Eron jamoasiga qarshi bahsda yo‘l qo‘ygan kamchiliklarimizni O‘zbekiston jamoasiga qarshi bahsda takrorlamaslik uchun bor mahoratimizni ishga solamiz”, — dedi u.
Avvalroq O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi Jaloliddin Masharipov jamoa Shimoliy Koreya bilan o‘yinga 3 ochko olish uchun kelganini ta’kidlagandi. “Kuchli terma jamoa hech qachon ikki o‘yinda ketma-ket yutqazmaydi”, — degandi u. O‘zbekiston bosh murabbiyi Srechko Katanets ham jamoa seshanba kuni ijobiy natija uchun barcha ishni qilishini aytgan.
Ayni vaqtda Jahon chempionati saralashi uchinchi bosqichining A guruhi quyidagicha ko‘rinish olgan:
14-noyabr kuni O‘zbekiston so‘nggi soniyalarda Qatarga mag‘lub bo‘lgandi. Parallel o‘yinlarda esa Eron KXDRni (3:2), BAA Qirg‘izistonni (3:0) mag‘lub etgan.
Qatar bilan bo‘lgan uchrashuvida O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilari Eldor Shomurodov va Otabek Shukurov jarohat olgandi. Ma’lum bo‘lishicha, shifokorlar xulosasiga ko‘ra, ular Shimoliy Koreya terma jamoasiga qarshi o‘yinda maydonga tusha olmaydi.