Xorazm viloyati Urganch tumanida 2 mlrd so‘mlikdan ziyod tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan novvoyxona aniqlandi, deya xabar qildi “O‘zenergoinspeksiya”.

Inspeksiyaning Xorazm viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirida Urganch tumanida faoliyat yuritayotgan “E.K.” MCHJga qarashli novvoyxonada hisoblagichdan tashqari yashirin yo‘l bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarmoqqa ulanib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi.

Ushbu qoidabuzarlik oqibatida dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra gaz ta’minoti korxonasiga 2 mlrd 92 mln so‘mlik zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi.

Holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.