Rossiya armiyasi tomonidan o‘qqa tutilishi oqibatida Odessada kamida 10 kishi halok bo‘ldi, yana 43 kishi jarohatlandi, deb xabar berdi Ukraina Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat xizmati (FVDX).

Halok bo‘lganlar orasida yetti politsiyachi, bir shifokor va ikki mahalliy aholi bor. Qurbonlar orasida to‘rt nafar bola ham bor.

Qutqaruvchilar ma’lumotlariga ko‘ra, uchta ko‘p qavatli uy, universitet binosi va ikkita ma’muriy bino zarar ko‘rgan.

Ukraina Qurolli Kuchlari (UQK) havo kuchlari mahalliy vaqt bilan soat 11:57 da Rossiya harbiylari Odessaga “Iskander-M” ballistik raketasi bilan hujum qilgani haqida xabar berdi. U havo mudofaasi tomonidan yo‘q qilingan.

“Afsuski, urib tushirilgan dushman raketasi shaharning Primorskiy tumanidagi turar joy sektoriga borib tushdi”, — deyiladi Ukraina harbiylari bayonotida.

“Bu tasodifiy zarbalar emas — namoyishkorona zarbalar. Putin bilan qo‘ng‘iroqlar va uchrashuvlardan keyin, mediadagi o‘t ochishdan „tiyilish“ haqidagi yolg‘on g‘iybatlardan keyin. Rossiya aslida nimadan manfaatdor ekanini ko‘rsatmoqda: faqat urushdan”, — dedi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy.

Ukraina Telegram kanallari va prezident tomonidan e’lon qilingan videolarda ko‘p qavatli turar joy hovlisida yonayotgan mashinalar, shuningdek, asfaltda harakatsiz yotgan odamlarning jasadlari aks etgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi Odessaga raketa hujumi sodir etilgani haqidagi xabarlarga hozircha izoh bermadi.

Bir kun avval Rossiya qo‘shinlari Sumi shahridagi mikrotumanga ham raketa zarbasi yo‘llagandi. Hujum oqibatida 11 kishi, jumladan, ikki bola halok bo‘lgan, yana 55 kishi yaralangan.