Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risidagi qonun imzolandi, deb xabar berdi Adliya vazirligi. Qonun ombudsman faoliyatini tartibga soladi.

Hujjatga ko‘ra, ombudsman — mansabdor shaxs, u davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshiradi.

️️Saylanish kuni 30 yoshga to‘lgan, kamida besh yil mamlakat hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston fuqarosi ushbu lavozimiga saylanishi mumkin.️ Qonunda ombudsman Qonunchilik palatasi va Senat tomonidan 5 yil muddatga saylanishi va ayni bir shaxs lavozimga surunkasiga ikki muddatdan ortiq saylanishi mumkin emasligi belgilandi.

️Ombudsman siyosiy partiyaga a’zolikni yoki unda ishtirok etishni o‘z vakolatlari muddatiga to‘xtatib turishi yoxud tugatishi shart bo‘lib, shuningdek, ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin emas.

Bundan tashqari, ombudsmanga fuqarolarning shikoyatlari asosida o‘z tekshiruvini o‘tkazish huquqi berilmoqda. Ya’ni ombudsman fuqarolarning, respublika hududida turgan chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning, yuridik shaxslarning inson huquqlari va erkinliklarini buzayotgan tashkilotlarning yoki mansabdor shaxslarning harakatlari yoxud harakatsizligi ustidan bergan shikoyatlarini ko‘rib chiqadi hamda o‘z tekshiruvini o‘tkazish huquqiga ega.

Ombudsman murojaat etuvchiga uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilgani to‘g‘risida ma’lum bo‘lib qolgan paytdan e’tiboran yoki boshqa vositalardan foydalangan hamda qabul qilingan qarorlardan qanoatlanmagan bo‘lsa, uning shikoyati bo‘yicha oxirgi qaror qabul qilingan paytdan e’tiboran bir yil ichida berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqadi.

️Quyidagilar inson huquqlari bo‘yicha vakilning ta’sir choralari hisoblanadi:

  • ogohlantirish;
  • taqdimnoma;
  • iltimosnoma;
  • talabnoma.

Ombudsman qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli. Ombudsman va uning o‘rinbosari O‘zbekiston hududida havo, temiryo‘l, avtomobil yo‘lovchilar transportida (bundan taksi va shahar yo‘lovchilar transporti mustasno) imtiyozli yurish huquqiga ega.