Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida parlamentda muxolifatni jonlantirish zarurligini aytdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

“Yangi davrda parlament chinakam xalq uyi, uning quyi palatasi esa g‘oyalar generatoriga, sog‘lom raqobat, bahs va munozaralar maydoniga aylanishi kerak. O‘tgan saylovlarda siyosiy partiyalarning dasturi ham, g‘oyalari ham bir-biridan farq qildi, turli siyosiy mafkuralar kurashi yaqqol ko‘zga tashlanib turdi. Xususan, saylovlar jarayonida ko‘plab debatlar tashkil etilganini xalqimiz va xalqaro kuzatuvchilar alohida e’tirof etdi”, — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari muxolifatni jonlantirish uchun parlamentdagi muxolifatga kafolatlangan huquqlari sonini 3 tadan 6 taga oshirish, 1 nafar qo‘mita raisi va 2 nafar qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimlarini kafolatli egallash, har chorakda “Hukumat soati” va parlament so‘rovi doirasida kamida bittadan masala kiritish kabi qo‘shimcha huquqlar berishni taklif qildi.

Shuningdek, u saylovlardagi sog‘lom raqobat, muxolif fikrlar kurashi parlamentga ko‘chib o‘tsa, bu albatta xalq manfaatlariga mos qonunlar ishlab chiqilishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi. Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev parlament nazorati, avvalo, siyosiy nazorat ekanini, uning oqibati ham siyosiy mas’uliyat bilan bog‘liqligini qayd etdi.

Prezident Qonunchilik palatasiga Hukumat a’zosi hisobotini eshitib, uning yakunlariga ko‘ra, ushbu rahbarni iste’foga chiqarish to‘g‘risida prezidentga taklif kiritish huquqi berilganini ham eslatib o‘tdi.