O‘zbekistonda istirohat bog‘lari, sayilgoh, xiyobonlarni xususiylashtirishni taqiqlash rejalashtirilmoqda. Shavkat Mirziyoyev “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining bu tashabbusini ma’qulladi.

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, davlat rahbari Qonunchilik palatasining yangi tarkibdagi birinchi majlisida partiyalar saylov kampaniyasi davomida ilgari surgan va xalq qo‘llab-quvvatlagan har bir taklif albatta ko‘rib chiqilishi va amalga oshirilishini ta’kidladi.

Yig‘ilishda “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining istirohat bog‘lari, sayilgoh, xiyobonlarni xususiylashtirishni taqiqlash bo‘yicha pozitsiyasi, dorilar ustidan nazoratni kuchaytirish, narxlar sun’iy oshishini oldini olish, retseptsiz dorilar ro‘yxatini qisqartirish bo‘yicha intilishlarini ma’qulladi.

Shuningdek, tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining xususiy mulk daxlsizligini kuchaytirish, tadbirkorlik muhitini yaxshilash haqidagi takliflari qo‘llab-quvvatlandi.

Prezident “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining maktablarda muallimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish, farzandlarimizni milliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalash, ularga ona tili va chet tillarni o‘rgatish uchun yanada keng sharoitlar yaratishga oid takliflariga qo‘shildi.

O‘zbekiston Xalq-demokratik partiyasining nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sharoitlarni yanada yaxshilash, aholimizning pensiyaga chiqishdagi kafolatli huquqlarini yanada mustahkamlash bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi.

Ekologik partiyaning davlat organlari va korxonalar hududida yashil bog‘lar tashkil etish, ekologik madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha dastur qabul qilish haqidagi takliflari qo‘llab-quvvatlandi.

Eslatib o‘tamiz, 27-sentabr kuni Toshkent shahridagi Debat Xoll media-markazida siyosiy partiya yetakchilari ishtirokida munozara tashkil etilgandi. Unda ishtirok etgan “Adolat” SDP siyosiy kengashi raisi Robaxon Mahmudova istirohat bog‘lari, daraxtzorlar hududida bino-inshootlar qurish amaliyoti kengayib borayotganini aytib, parklarni xususiylashtirishni to‘xtatishni taklif qilgan.

“So‘nggi yillarda davlat mulki hisoblangan umumiy foydalanishdagi bog‘lar, sayilgoh, xiyobon va daraxtzorlar hududida bino-inshootlarni qurish amaliyoti kengayib borayotganligi ko‘p yillik daraxtlarning kesilishiga, atrof muhitni ifloslanishiga, oqibatda aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda”, deb ta’kidlagan partiya rahbari.

Respublika bo‘yicha 184 ta istirohat bog‘larida daraxtzor hududlar kamaytirilib, 944 ta bino-inshoot qurilgani, 18 ta istirohat bog‘ida 91 ta noqonuniy qurilma mavjud ekanligi, 98 tasida 1250 ta attraksionlar noqonuniy o‘rnatilgani aniqlangani qo‘shimcha qilingan.

Shu bois “Adolat” partiyasi istirohat bog‘lari, bolalar oromgohlari, sayilgohlar, ta’lim va tibbiyotga oid davlat obyektlari va ularning hududlarini sotish, xususiylashtirishni qonunchilik darajasida taqiqlash hamda bunday harakatlar uchun javobgarlik belgilash tashabbusini ilgari surgan.