Shavkat Mirziyoyev tomonidan 15-noyabr kuni imzolangan qonun bilan Soliq kodeksiga qo‘shimcha kiritildi.
Hujjatda aytilishicha, O‘zbekistonda ipakchilik tarmog‘ini rivojlantirishda uy sharoitida pilla yetishtirish faoliyati bilan shug‘ullanishni rag‘batlantirish uchun soliq imtiyozlarini berish zarurati yuzaga kelgan.
Qonunga ko‘ra, 2023-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davrda:
- jismoniy shaxslarning uy sharoitida tirik pilla yetishtirish (kasanachilik) faoliyatidan olingan daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi;
- uy sharoitida tirik pilla yetishtiruvchi kasanachilar mehnatiga haq to‘lashga yo‘naltiriladigan mablag‘lar ijtimoiy soliqdan ozod qilinadi;
- tutzorlar bilan band bo‘lgan yer uchastkalari uchun yer solig‘i belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 0,1 koeffitsiyent qo‘llanilgan holda hisoblab chiqariladi.
Mazkur qonun ipakchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirishga, xususan, tarmoqda ishlab chiqarish va eksport hajmlarini oshirishga, aholining bandligini ta’minlashga va daromadlarini ko‘paytirishga xizmat qiladi, deyiladi hujjat matnida.
Ushbu qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 30-sentabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 23-oktabrda ma’qullangan. Yuqori palata yalpi majlisida O‘zbekistonda pillani qayta ishlash, ipak qurti urug‘chiligi va tutchilik xo‘jaliklarining faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, shuningdek, sohada 108 ming doimiy va 1 milliondan ortiq mavsumiy ishchilarning bandligi ta’minlanayotgani ma’lum qilingan.