Konstitutsiyasining 33 yilligi munosabati bilan Toshkent — Buxoro — Toshkent yo‘nalishida yangi poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi, deya xabar bermoqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” kompaniyasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, mazkur dizel poyezdi “Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi”da shartnoma asosida qurilgan bo‘lib, tarkibi 12 ta: 2 ta VIP, 4 ta biznes (o‘rindiqlari yo‘nalish bo‘yicha o‘zgaradi), 4 ta ekonom, 1 ta restoran va 1 ta dizel vagonlaridan iborat.

“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” kompaniyasi bosh muhandisi Fozil Sharipovning “Gazeta.uz”ga aniqlik kiritishicha, hozirda u mazkur yo‘nalishda sinovdan o‘tkazilmoqda. Xususan, yaqinda tarkib birinchi marta Samarqandga borib kelgan.

“Shu paytgacha bu yo‘nalishda elektrlashtirilgan poyezdlar qatnab kelgan. Sovitish tizimi va chiroqlar poyezd 40 km tezlikda harakatlana boshlaganidan so‘ng yoqilardi. Yangi vagonlarda esa ular dizel evaziga poyezd bekatlarda to‘xtab turganida ham ishlashda davom etadi, xuddi „Afrosiyob“ poyezdlari kabi”, — dedi Fozil Sharipov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, chipta narxlari “Sharq” poyezdlaridagi kabi bo‘ladi. Lekin biznes va VIP tariflarga ayri qulayliklar qo‘shilgani uchun o‘zgarishi mumkin.

“Taxminan 6−7-dekabrlarda yo‘lovchilarga foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmoqda. Chiptalar poyezd harakati kuni aniq bo‘lganida savdoga chiqariladi. Hozir mutaxassislar ishlamoqda”, — dedi kompaniya vakili.

dizel, poyezd, тошкент-buхоро

“Yo‘lovchilarimiz vagonlar eskirgan, ko‘pi 80-yillarda ishlab chiqarilgan, bizga to‘g‘ri kelmayapti, deb arz qilishayotgandi. Shuning uchun, bosqichma-bosqich hamma vagonlarni yangisiga almashtirishni boshlaymiz. Prezidentimiz yaqinda 70 ta vagon uchun pul ajratib bergan. Ularni ham 2025−2026-yillarda „Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi“ qurib beradi”, — deya qo‘shimcha qildi “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” kompaniyasi bosh muhandisi.

Poyezd harakat vaqti 6 soatdan iborat bo‘lib, 592 km masofani bosib o‘tadi.