O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri lavozimiga Nuriddin Mo‘ydinxonovich Ismoilov saylandi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.
Qonunchilik palatasi Spikeri lavozimiga nomzod ko‘rsatish uchun deputatlar orasidan Qonunchilik palatasiga saylovda ishtirok etgan har bir siyosiy partiyadan uch nafar deputatdan iborat Siyosiy partiyalar vakillari kengashini tuzdilar.
Qisqa tanaffusdan so‘ng, Siyosiy partiyalar vakillari kengashining taklifiga binoan, deputatlar yashirin ovoz berish yo‘li bilan XDP deputati Nuriddin Mo‘ydinxonovich Ismoilovni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri etib sayladilar.
Nuriddin Ismoilov (1959-yilda tug‘ilgan, Toshkent davlat universitetini tamomlagan, ma’lumoti yurist, yuridik fanlar nomzodi) O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi vakili. U 2015-yil yanvar oyidan beri parlament quyi palatasiga rahbarlik qilib keladi. O‘shanda bu lavozimdagi Dilorom Toshmuhamedova o‘rnini egallagandi. 2020-yil yanvar oyida ushbu lavozimga qayta saylangan.
Ilgari (2012-yildan) prezidentning Oliy Majlis, siyosiy va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik bo‘yicha davlat maslahatchisi lavozimida ishlagan, bungacha (2005-yildan) Qonunchilik palatasining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan.
O‘tgan yili yangilangan Konstitutsiyaga ko‘ra, bir shaxs ketma-ket ikki muddatdan ortiq spiker bo‘lishi mumkin emas.