O‘zbekistonga 18−24-noyabr oralig‘ida havo haroratini keskin sovitib yuboruvchi Arktik oqimlar kirib kelish kutilmasi mavjud emas. Hafta boshida Kaspiy dengiz ustidagi nam havo oqimlari ta’sir qilib, dushanba-chorshanba kunlari ayrim hududlarga biroz yog‘ingarchilik tushishi kutiladi. Hafta o‘rtasidan haroratning sezilarli ko‘tarilishi, hatto janubiy viloyatlarda 20−21-noyabr kunlari harorat maksimumlari +22…+24 darajagacha yetishi, vodiy viloyatlarida esa davomli qalin tuman hodisalari kuzatilishi mumkin.
Hafta boshida O‘zbekistonga g‘arbdan kirib keluvchi nam oqimlar ketma-ketligi bulutli havo va ba’zi joylarga yog‘in keltirsa, hafta o‘rtasidan qo‘shni Turkmaniston orqali issiq harorat kirib kelishi hududlarga xuddi bahoriy iliqlilik taqdim etadi. Bu kabi ob-havo muhiti kelayotgan hafta davomida havo haroratini deyarli bir xil bo‘lishini ta’minlaydi. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlaridan ko‘rinishicha, hafta boshidagi nam havo oqimlari ketidan takroriy nam havo oqimlarining shakllanishi va uning respublika hududlariga kirib kelishi keyingi hafta kunlariga to‘g‘ri keladi.
Hafta davomida harorat rejimi tunda +0…+5 daraja, hafta boshida shimol va vodiyda -3 daraja sovuqqacha o‘zgaradi. Kunduzi esa harorat biroz yuqori bo‘ladi. Harorat hafta davomida O‘zbekistonning katta qismida +17…+22 daraja diapazonida o‘zgarib turadi. Janubiy viloyatlarda hafta o‘rtasida harorat maksimumi +25 darajagacha ko‘tarilsa, shimol va vodiy hududlarida tuman hodisasi hisobiga harorat kunduz kuni ham + 5 darajadan ko‘tarilmasligi mumkin.
Hafta boshidagi siklonal nam va keyinroq janubiy quruq havo oqimlari seriyasining mintaqaga davomiy kirib kelishi kishilarda hududlarda havo haroratining noyabrning birinchi yarmiga nisbatan biroz yuqori bo‘layotgandek tasavvurni beradi. Aslida ham shunday.
“O‘zgidromet” prognozlariga ko‘ra, 18-noyabrda respublika janubida havo harorati +17…+22 daraja, boshqa hududlarda +13…+18 darajagacha iliq, tog‘larda +5…+10 daraja iliq bo‘ladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy va Toshkent viloyatlari hududlarida biroz yog‘ingarchilik kutiladi. Boshqa viloyatlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Joylarga tuman tushadi. Ustyurt platosi va tog‘larda qor yog‘ishi mumkin. Toshkent, Sirdaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlarida shamol tezligi kuchayganda soniyasiga 15 metrgacha yetishi mumkin.
Sinoptiklar 19−21-noyabr kunlari uchun ham hududlarda iliq harorat, ayrim vaqtlarda yog‘ingarchilik kuzatilishini ma’lum qilgan. Shu sanalarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Buxoro, Navoiy, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida 19 va 21-noyabr kunlari, 20-noyabrda esa Farg‘ona vodiysi viloyatlarida biroz yog‘ingarchilik kuzatilishi prognoz qilingan.
19−20-noyabr kunlari janubiy viloyatlardan tashqari deyarli barcha hududlarda tuman hodisalari kutiladi. Hozirda havo haroratining nol darajaga yaqinligi bois, hududlarda iqlimiy sharoitdan kelib chiqib, ko‘rinish masofasining 100 metrdan pastgacha cheklanishi bilan bog‘liq qalin tuman hodisalariga guvohi bo‘lish mumkin.
Ushbu hodisalar aviareyslar taqvimi o‘zgarishiga, avtomobil yo‘llarida YTHlar soni ko‘payishiga sabab bo‘lishi mumkin. 21-noyabr kuni ham hududlarda qalin tuman tushishini taxmin qilish mumkin. Tuman hodisalari asosan hafta boshida kuzatiladi. Haroratning sezilarli ko‘tarilishi fonida bu kabi hodisalar kamayib boradi.
19−21-noyabr kunlari havo haroratida dushanbaga nisbatan o‘zgarish yo‘q. Tunlar shimol va vodiyda +0…+5 daraja, janubda +4…+9 daraja, boshqa hududlarda esa +2…+7 daraja iliq bo‘ladi. Kunduzi ham havo harorati yuqoriroq: masalan, shu sanalarda janubda +22 darajagacha, boshqa hududlarda esa +13…+18 daraja iliqlilik kuzatiladi. Tuman tushgan hududlarda harorat birmuncha sovuq bo‘ladi. 20-noyabr kuni Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida havo harorati +25 darajagacha yetishi ham mumkin. Shu muddatda tog‘larda tunda -3 darajagacha sovuq, kunduzi +7 darajagacha iliq harorat kutiladi.
Juma va dam olish kunlari respublika hududlarida harorat hafta boshi va o‘rtalariga nisbatan biroz pasayadi. Ammo bu kabi harorat o‘zgarishini aholi o‘z tanida deyarli sezmaydi. Bu kunlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Umuman, hafta davomida umumiy harorat foni iqlimiy me’yordan yuqori, yog‘ingarchilik bo‘yicha biroz quruq bo‘lishi kutilyapti. Kelayotgan nam havo oqimlaridan (tog‘larni hisobga olmasa) hududlarga u qadar ko‘p yog‘in tushmaydi. Ba’zi zamonaviy iqlim modellari 19-noyabrda Toshkent viloyatidagina 12 soatda umumiy 10−25 millimetrgacha ijobiy yog‘ingarchilik kutilmalarini taqdim etgan.
Yana bir iqlim modeli O‘zbekistonda hafta davomida maksimal havo harorati +25 darjagacha ko‘tarilishini, minimal havo harorati faqat tog‘larda va shimolda nol darajadan biroz past bo‘lishini prognoz qilgan. Demak, joriy hafta joylarda bahoriy iliq ob-havo muhiti kuzatiladi.
Kutilayotgan, noyabrning ikkinchi yarmi uchun ko‘p ham xos bo‘lmagan bunday yuqori harorat ta’sirini nafaqat inson tanasi, balki tabiat, dov-daraxtlar ham o‘z tanida yaxshi his qila boshlaydi. Bu kabi kuzgi iliqlik ayrim hududlarda ba’zi daraxtlarning qayta barg ochishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.
Harorat rejimi va tez o‘zgaruvchan ob-havo muhitining inson salomatligiga ta’siri
Hafta davomida tabiiy ob-havo muhiti inson salomatligiga katta xavf ko‘rsatish darajasida bo‘lmaydi.
19 va 21-noyabr kunlari O‘zbekiston aholisi nam havo oqimlari muhiti ta’sirida bo‘ladi. Bu safargi, markazida atmosfera bosimi 1020 gPa gacha pasayuvchi siklonal ta’sir aynan shu omildan aziyat chekuvchilar uchun deyarli ta’sir kuchiga ega emas. Har ehtimolga qarshi, siklonal ta’sir o‘zgarishlarga moyil aholi shu sanalarda siklonal ob-havo muhitini inson organizmiga ta’sirini kamaytirishda avvalgi materialdagi tavsiyalarga amal qilishlari kerak.
Hafta boshidagi asosiy aholi istiqomat qiluvchi hududlarda shamol tezligi soniyasiga 15 metrgacha kuchayish ehtimoli atmosfera bosimi qisqa vaqt ichida o‘zgarishiga “ishora” bo‘lib, bu qon bosimi kasalligi bilan og‘rigan bemorlarga ta’sir qilishi mumkin. Ammo bu xavf ham salomatlikda sezilarli o‘zgartirishlarni keltirib chiqarmaydi.
Hafta o‘rtalarida atmosferada kuzgi haroratning noodatiy yuqorilashi havoda kislorod yetishmovchiligini keltirib chiqaradi, u kunduz kunlari ba’zi kishilarda loqaydlik, lanjlik, biroz boshog‘rig‘ini keltirib chiqarishi mumkin. Bu kabi o‘zgarishlarga ta’sirchanlar avvalgi materialdagi tavsiyalarga amal qilishlari foydadan xoli emas.
Bioiqlimiy sharoitlar
Joriy hafta turli hududlar aholisi bir-biridan farq qiluvchi turlicha harorat ta’siri ostida bo‘ladi. Vodiy viloyatlarining katta qismi qalin tuman hisobiga kunduzi ham kuchli sovuqni his qilsa, shimoldagi aholi ham yuqori namlik hisobiga bu kabi ta’sirni o‘z tanida his etadi. Xuddi shu vaqtda O‘zbekistonning qolgan katta qismida kuzgi komfort iqlimiy muhit kuzatiladi.
Hafta boshidagi yog‘inli ob-havo muhitida kishilar qalinroq kiyinishga majbur bo‘ladi, o‘zlari bilan soyabon olib yurishlari ham mumkin. Keyinroq haroratning +20 darajaga yaqinlashishi va undan ham oshishi janubiy va markaziy viloyatlarning aksar aholisini kunduzi yengilroq kiyinishga undashi mumkin. Ammo tunda yengil kiyimlar kiyib yurish sog‘liq uchun zarar — harorat past bo‘ladi.
Haftaning dushanba va chorshanba kunlari qor yog‘ishini kuzatish uchun tog‘li hududlarga sayohat uyutirishi mumkin.
Kosmik ta’sirlar
Dushanba kuni aholi magnit bo‘ronining 4−6 ballik qizil xavfga ega ta’siridan aziyat chekishi mumkin. 15−16-noyabr kunlari Quyosh sirtidagi bir nechta M sinfli kuchli chaqnashdan ajralib chiqqan quyosh plazmalari Yerda 18-noyabr kuni 4−6 ballik magnit bo‘ronlarni keltirib chiqarishi kutilmoqda.
O‘tgan haftada Quyoshda kuchli chaqnashlar bilan bog‘liq “sokinlik” kuzatilgani inobatga olinsa, sayyoramiz magnitosferasida so‘nggi kunlarda kuchli magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlari yuz bermadi. Ish haftasining boshqa kunlari aholi magnit bo‘ronlarining qo‘zg‘alishlari ta’siriga tushmaydi.
Qozog‘istondagi Ionosfera instituti joriy hafta ish kunlari uchun taqdim etgan geomagnit bo‘roni prognoziga ko‘ra, aholi dushanba kuni kuchli geomagnit bo‘ronlari ta’siriga tushishi mumkin. Haftaning boshqa kunlari esa “yashil” darajadagi qo‘zg‘alishlar yuz beradi — ular salomatlikka umuman xavf tug‘dirmaydi.
Shuni alohida qayd etish joizki, bu kabi prognozlarning o‘zini oqlash darajasi ancha past. Hozir Quyosh o‘zining har 11 yillikdagi eng faol chaqnashlari davrida turibdi. Quyoshda to‘satdan X va M sinfli chaqnashlar soni kuzatilishi bilan uning koronal massasi Quyosh shamollari orqali sayyoramiz yuqori atmosferasiga 2−3 sutkada yetib kelishi va sayyorada “kuchli”, “juda kuchli” va hatto “ekstremal” geomagnit bo‘ronlarini keltirib chiqarishi mumkin. Hozir magnit bo‘ronlarini 2 kundan ortiq muddat uchun ishonchli prognoz qiladigan yechim va vositalar yo‘q.
Tavsiyalar. Magnit bo‘roniga ta’sirchan aholi qatlami bo‘ron vaqti jismoniy zo‘riqishlardan qochishi, ko‘proq dam olishi, ko‘p ovqatlanmasligi, spirtli ichimliklardan tiyilishi maqsadga muvofiq. Shifokorlar bunday paytda ko‘proq suv ichishni ham tavsiya etadi.
Ob-havo o‘zgarishlari bilan bog‘liq atmosfera ifloslanishi
Dushanba kuni kutilayotgan yomg‘irli ob-havo muhiti havoda mayda dispers zarrachalari tarqalishiga imkon yaratmaydi. Faqat seshanba va haftaning ikkinchi yarmida haroratning biroz yuqori ko‘tarilishida pastdan yuqoriga ko‘tariluvchi kuch hisobiga ifloslanish ro‘y berishi mumkin.
Lekin mazkur ifloslanishlar, katta ehtimol bilan, juda xavfli darajaga ega bo‘lmaydi. Chunki yer sirtida yetarlicha namlik mavjud. Bu kabi prognozlar atmosferaning tabiiy ifloslanishi hisoblanib, joylarda antropogen ifloslanishlar insonlar, idora va korxonalar hatti-harakatiga bog‘liq.
Havoda mayda chang zarrachasi bilan bog‘liq ifloslanish ortgan paytda qanday harakat qilish lozimligi borasida Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholining turli yosh qatlamlari va bemorlar uchun tavsiyalar tayyorlagan.
Shunday qilib, joriy hafta ob-havo bo‘yicha eng qulay kunlar seshanba va juma kunlari bo‘lib, iqlimiy o‘zgarishlarga moyil ko‘pchilik shu kunlarda o‘zini ancha yengil his qilishi kutilmoqda.