Abxaziyada prezident Aslan Bjaniya muxolifat bosimi ostida iste’foga chiqdi, bir vaqtning o‘zida parlamentni egallab olgan muxolifat bilan kelishilgan holda hukumat rahbari ham lavozimidan ketadi.

“Mamlakatda barqarorlik va konstitutsiyaviy tartibni saqlash maqsadida, Abxaziya Respublikasi Konstitutsiyasining 63-moddasiga muvofiq, men Abxaziya Respublikasi prezidenti lavozimidan iste’foga chiqaman”, — deyiladi Bjaniyaning parlament spikeri nomiga qilgan bayonotida.

Foto: @presspresidentofabkhaziaFoto: @presspresidentofabkhazia

Avvalroq Abxaziya muxolifatining yetakchilaridan biri Adgur Arzinba jurnalistlarga muxolifat va hukumat muzokaralar olib borib, prezident Bjaniya va hukumat rahbari Aleksandr Ankvab iste’foga chiqishini kelishib olganini aytgandi.

Endi prezident vazifasini vitse-prezident Badra Gunba bajaradi, bosh vazir vazifasini bajaruvchi esa ilgari ushbu lavozimni egallagan Valeriy Bganba bo‘ladi.

Abxaziya poytaxtida tartibsizliklar o‘tgan haftada oldin boshlangan. Hukumatning Rossiya bilan yangi investitsiya bitimini qabul qilish niyati bunga sabab bo‘lgandi.

Rossiya bilan bitimning mohiyati

30-oktabr kuni Moskvada Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov va Abxaziya bosh vaziri o‘rinbosari, iqtisodiyot vaziri Kristina Ozgan Rossiya kompaniyalariga Abxaziya hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkonini beruvchi kelishuvni imzoladi.

Muxolifat yetakchilaridan biri, prezidentlikka sobiq nomzod Adgur Arzinbaning ta’kidlashicha, respublikada 2014-yildan buyon investorlar uchun kafolatlar, alohida shartlar va imtiyozlar nazarda tutilgan investitsiya qonuni mavjud. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi bitim Abxaziyaning iqtisodiy suverenitetiga halokatli ta’sir ko‘rsatadigan kvartiralar sotuvini qonuniylashtirishga qaratilgan.

Muxolifat nazoratsiz qurilishning o‘sishi uy-joy narxini oshirib, mahalliy aholining badavlat rossiyaliklar oldidagi huquqlarini cheklaydi, deb hisoblaydi.