So‘nggi vaqtlarda qizg‘in muhokamalarni keltirib chiqargan mavzularidan biri — O‘zbekistonda tug‘ilish darajasining pasayganiga doir ma’lumotlardir. Tug‘ilish darajasining pasayishi aholi soni o‘sishining sekinlashuviga sabab bo‘ladi. Mamlakat aholisi esa hamisha uning eng katta boyligi hisoblangan. Dunyo miqyosida tug‘ilish darajasining pastligi va aholining qarib borishi tendensiyasidan ko‘p hollarda rivojlangan mamlakatlar aziyat chekadi, dunyo aholisi sonining o‘sishi esa asosan qashshoq va rivojlanayotgan mamlakatlar hisobiga yuz beradi.

O‘zbekistonda tug‘ilish darajasining pasayishi butun dunyoda kuzatiladigan tendensiyaning aksini ko‘rsatayotganligi mutaxassislar e’tiborini tortdi. Ayrim ko‘zga ko‘ringan mutaxassislar mamlakatda aholi jon boshiga YAIMning hozirgi kundagi darajasi nuqtai nazaridan, tug‘ilishlar sonining bunday noodatiy kamayishi tendensiyasidan o‘z xavotirlarini ham bildirdi.

Xususan, iqtisodchi Behzod Hoshimov mavzu yuzasidan o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlasharkan, O‘zbekistonda tug‘ilish darajasi nisbatan tez sur’atda ro‘y berganligi “mamlakatning kelajakdagi demografik va iqtisodiy rivojlanishiga ta’sir qilishi mumkin"ligini ta’kidladi.

“Odatda, mamlakatlar iqtisodiy jihatdan boyigan sari tug‘ilish darajasi pasayadi — bu deyarli barcha mamlakat va mintaqalarda kuzatilgan va kuzatilib kelinayotgan tendensiya. O‘zbekistonda esa iqtisodiy o‘sish bo‘lmay turib tug‘ilish darajasi pasaya boshlagan va bu pasayishning sur’ati o‘rtacha daromadlar oshishi ko‘rsatkichlaridan tezroq bo‘lgan… Tug‘ilish kamayishi tabiiy narsa edi, lekin bunday keskin tushishi diqqatga sazovor”, — deb yozadi mutaxassis. Uning fikricha, bu tendensiyani “chuqurroq o‘rganish va tahlil qilish muhim”, chunki bu aholi farovonligi va mamlakatning uzoq muddatli barqaror taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega.

Moliyachi Otabek Bakirov tug‘ilish darajasining pasayishi tendensiyasi yil boshidanoq ko‘zga tashlana boshlanganligi, ayni paytda bu tendensiya shahar hududlarda yuqoriroq sur’atda kechayotganligi haqida yozdi. Botir Qobilovga ko‘ra, tug‘ilish darajasi global miqyosda birinchi raqamli muammo. Uning yozishicha, mazkur ko‘rsatkich butun dunyoda kutilganidan ham tezroq sur’atlarda pasayib bormoqda, buning sabablari borasida ko‘plab farazlar mavjud ekaniga qaramay, aniq omillari noma’lum.

Iqtisodchi, “Gazeta.uz” kolumnisti Mirkomil Xolboyev navbatdagi maqolasida aynan shu mavzuni chuqurroq tahlil qilib, bu borada ko‘pchilikni qiziqtirayotgan ayrim savollarga javob berishga harakat qildi.

Jahondagi demografik vaziyat

Dunyo aholisi soni yildan-yilga ortib borayotganiga qaramay, o‘sish sur’ati sekinlashyapti. Aholi sonining o‘sishi asosan qashshoq mamlakatlar, xususan, Afrika qit’asida konsentratsiyalashgan. Yuqori daromadli mamlakatlar esa aholi sonining qisqarishini boshdan kechirmoqda. So‘nggi yillarda migratsiya siyosatining qat’iylashib borayotganligi bu jarayonni yanada tezlashtirgan, muammoni chuqurlashtirayotgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Jahon banki statistikasiga qaraydigan bo‘lsak, 2023-yilda 216 ta mamlakatdan 38 tasida aholi soni qisqargan. Ularning aksariyatini yuqori hamda yuqori-o‘rta daromadli mamlakatlar tashkil etadi. Xususan, 2023-yilda yuqori daromadli mamlakatlarning 19 tasida jami aholi soni 1,5 mln kishiga, yuqori-o‘rta daromadli mamlakatlarning 17 tasida 2,8 mln kishiga kamaygan. Shuningdek, past-o‘rta daromadli mamlakatlar guruhiga mansub ikkita mamlakat — Livan va Shri-Lankada ham 2023-yilda aholi soni 300 ming kishiga qisqargan.

2023-yilda aholi soni:

Mamlakatlar, daromad guruhi bo‘yicha

Mamlakatlar soni

Aholi soni o‘zgarishi (mln kishi)

Jami

216

72.7

Kamaygan

Yuqori daromadli

19

-1.5

Past-o‘rta daromadli

2

-0.3

Yuqori-o‘rta daromadli

17

-2.8

Ko‘paygan

Yuqori daromadli

66

8.4

Past daromadli

26

19.3

Past-o‘rta daromadli

49

39.5

Yuqori-o‘rta daromadli

37

10.1

Jahon banki ma’lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi.

Yuqori hamda yuqori-o‘rta daromadli mamlakatlarda aholi sonining qisqarishi fertillik ko‘rsatkichi uzoq yillar davomida o‘z o‘rnini qoplash darajasidan (2,0) past shakllanganligi bilan izohlanadi. Past daromadli mamlakatlarda (Shimoliy Koreyadan tashqari) hozircha bunday muammo ko‘zga tashlanmaydi. Past-o‘rta daromadli mamlakatlar kontekstida esa fertillik ko‘rsatkichi aksariyat mamlakatlarda o‘z o‘rnini qoplash darajasidan yuqori shakllanayotganiga qaramay, ba’zi hollarda (Bangladesh, Butan, Hindiston, Livan, Shri-lanka, Nepal, Tunis, Vetnam) 2,0 dan pasaya boshlaganligini ko‘rish mumkin. Bu tendensiya davom etgan taqdirda, yaqin kelajakda bu mamlakatlarda ham aholi sonining kamayishi tendensiyasi boshlanishi mumkin.

Ma’lumot uchun: fertillik ko‘rsatkichi (total fertility rate) — bu tug‘ish yoshidagi har bir ayolga to‘g‘ri keladigan tug‘ilishlar soni hisoblanadi. Agar bu ko‘rsatkich 2,0 dan yuqori bo‘lsa, keyingi avlod hozirgi avloddan ko‘proq (yoki teng) bo‘ladi. 2,0 dan past shakllansa, keyingi avlod hozirgisidan kamayib ketadi.

aholi soni, fertillik, tug‘ilish statistikasi

Jahon banki ma’lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi.

O‘zbekistonda yanvar-sentabr oylarida qariyb 694 mingta tug‘ilish qayd etilgan bo‘lib, tug‘ilishlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,2 foizga pasaygan (birinchi uch oyda bu farq 4,3 foiz edi). Yuqorida ko‘rib chiqqanimiz — turli davlatlardagi tendensiyalardan kelib chiqib ayrim savollar tug‘ilishi tabiiy.

Xususan, tug‘ilish darajasining hozirgi pasayishi chuqur demografik muammolarning yuzaga chiqa boshlaganligidan dalolat beradimi? Ushbu tendensiya qisqa muddatli pasayishni ifoda etadimi yoki barqaror saqlanib qoladimi? Umuman, aholi o‘sishi iqtisodiy o‘sishga qay darajada bog‘liq?

Aholi sonining iqtisodiy o‘sishdagi ahamiyati

Aholi va ayrim mutaxassislar orasida aholi sonining o‘sishi umumiy iqtisodiyotning hajmi kattalashishiga olib kelishiga qaramay, jon boshiga daromadlarni oshirmaydi, degan qarash mavjud. Umuman olganda, aholi sonining o‘sishiga muammo sifatida yondashish uzoq tarixga borib taqaladi. Xususan, 18 asrda yashagan iqtisodchi Robert Maltusning aholi sonining o‘sishi bilan bog‘liq nazariyasi sohadan unchalik xabari bo‘lmaganlarga ham yaxshi tanish bo‘lishi mumkin.

Maltusga ko‘ra, aholi sonining o‘sishi oziq-ovqat ta’minoti bilan bog‘liq taqchillikka olib keladi. Chunki oziq-ovqat ta’minoti aholi soniga qaraganda sekinroq sur’atda o‘sadi. Oxir-oqibat, ushbu nomuvofiqlik urush, epidemiyalar yoki boshqa ko‘rinishdagi falokatlar vositasida bartaraf etiladi. Maltus nazariyasi zamonlar osha keskin tanqidlarga uchrab keladi.

Maltus nazariyasi yoki bashoratidan buyon dunyo o‘sha davr kishilari tasavvur qilolmaydigan darajada o‘zgarib ketdi. Xususan, Yer yuzi aholisi taxminan sakkiz barobar, jon boshiga daromadlar esa 10 barobardan ko‘proqqa oshdi. Ya’ni, aholi sonining ortishi daromadlar qisqarishiga olib kelmadi, balki daromadlarning o‘sish sur’ati bu davrda o‘rtacha hisobda aholi soni o‘sish sur’atidan ham ilgarilab ketdi.

Shunga qaramay, hali ham aholi sonining o‘sishi jon boshiga daromadlar darajasi oshishiga olib kelmasligi haqidagi qarashlar (va izlanishlar) uchrab turadi. Xususan, ayrimlar aholi sonining o‘sishi iqtisodiyotning umumiy hajmini oshirsa-da, jon boshiga daromadlarni oshirmaydi, deb hisoblaydi.

Quyidagi grafik dunyoning 213 ta mamlakati uchun Jahon banki ma’lumotlari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda aynan shu bog‘lanishni yaqqolroq ko‘rish mumkin. Bir qarashda jon boshiga daromadlarning o‘zgarishi aholi sonining o‘zgarishiga teskari bog‘langandek (chapdan o‘ngga qarab pasayib borgan ko‘k chiziq buni ifodalaydi). Ya’ni, aholi sonining o‘sib borishi bilan jon boshiga daromadlar pasayib bormoqda:

aholi soni, fertillik, tug‘ilish statistikasi

Jahon banki ma’lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi.

Uzoqroq muddat uchun tahlil qilinganda ham yuqoridagi bog‘lanish saqlanib qolganiga guvoh bo‘lish mumkin, ya’ni aholi soni o‘sishi bilan jon boshiga daromadlar pasayib boradi (faqat bu holda bog‘lanish yuqoridagiga nisbatan kuchsizroq).

Quyidagi grafikda, soddaroq ko‘rinishda ifodalash maqsadida, 1991−2023-yillar oralig‘ida Jahon banki tasnifiga ko‘ra past-o‘rta daromadli davlatlar misolida aholi soni hamda jon boshiga YAIM o‘zgarishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni aks ettirishga urindim. Aslini olganda, istalgan daromad guruhi misolida shunga o‘xshash bog‘lanishni kuzatish mumkin:

aholi soni, fertillik, tug‘ilish statistikasi

Jahon banki ma’lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi.

Biroq, bu bog‘lanish alohida davlatlar misolida o‘rganilganda, butunlay boshqacha manzaraga duch kelamiz. U holda aholi sonining o‘sishi jon boshiga daromadlarga salbiy emas, ijobiy bog‘langanligini ko‘rish mumkin. Quyidagi grafikda har bir rang alohida davlatni ifodalaydi. Guvohi bo‘lib turganimizdek, bu holda yuqoridagi grafiklarda kuzatganimizdan farqli — to‘g‘ri bog‘liqlik mavjud. Bir so‘z bilan aytganda, aholi soni hamda jon boshiga YAIM darajasi o‘zaro hamohang tarzda o‘sib borgan.

aholi soni, fertillik, tug‘ilish statistikasi

Jahon banki ma’lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi.

Qayd etish joizki, yuqoridagi grafiklar fundamental farazlar mahsuli bo‘lib, hech qanday chuqur ilmiy izlanishlarga asoslanmagan, bog‘lanishlar sabab va oqibat bog‘lanishni ifodalamasligi ham mumkin. Lekin oxirgi grafikdan xulosa qilish mumkinki, aholi soni va jon boshiga YAIM o‘rtasida teskari bog‘liqlik mavjud emas — aholi sonining o‘sishi jon boshiga daromadlarni kamaytiradi, degan mulohazalar noo‘rin. Shubhasiz, ushbu mavzu chuqurroq izlanishlarni talab qiladi.

Tahlillarimiz aholi soni o‘sishi bilan jon boshiga daromadlar darajasi ham o‘sib borishini ko‘rsatdi. Xo‘sh, u holda bugun O‘zbekistonda kuzatilayotgan tendensiya xavotirlimi? Tug‘ilishlar sonining kamayishi tendensiyasi uzoq muddat saqlanib qoladimi? Bu pasayish keyinchalik iqtisodiy o‘sishning ham sekinlashishiga sabab bo‘lishi mumkinmi?

O‘zbekistondagi demografik vaziyat

2024-yilda O‘zbekistonda kuzatilayotgan tug‘ilishlar sonining kamayishi tendensiyasi yaqin tariximizdagi birinchisi emas. Xususan, 2016 va 2017-yillarda ham tug‘ilish mos ravishda 1,3 foiz va 1,4 foizga pasaygan. Bundan tashqari, 2011 (-1 foiz), 2010 (-3,3 foiz), 2005 (-1,3 foiz) hamda 2003 (-4,6 foiz) yillarda ham tug‘ilishning pasayishi qayd etilgan.

aholi soni, fertillik, tug‘ilish statistikasi

Jahon banki ma’lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi.

Mustaqillikning ilk yillaridan yangi asrgacha bo‘lgan iqtisodiy turg‘unlik va tiklanish davrida esa tug‘ilishning pasayishi odatiy holga aylanib qolgan edi. 1992−2000-yillarda faqatgina 1995-yilda tug‘ilish 3,2 foizga o‘sgan, qolgan barcha yillarda chuqur pasayish kuzatilgan. Bu davrda tug‘ilishlarning umumiy soni qariyb 30 foizgacha qisqargan.

Nisbatan uzoq davr misolidagi tahlillar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonda fertillik ko‘rsatkichi (quyidagi grafikda qizil rangdagi uzuq chiziq) 1970-yillargacha past-o‘rta daromadli mamlakatlar guruhi o‘rtacha ko‘rsatkichiga (grafikda ko‘k rangdagi uzuq chiziq) nisbatan yuqori shakllangan (O‘zbekiston daromadlar darajasiga ko‘ra aynan shu guruhga mansub). 1970-yillarga kelib esa bu ko‘rsatkich doimiy pasayish tendensiyasini namoyon qila boshlagan. Mustaqillikdan keyin bu pasayish tendensiyasi birmuncha tezlashib, keyinchalik nisbatan barqaror, shunga qaramay, guruh o‘rtacha ko‘rsatkichidan sezilarli past darajada saqlanib qolgan. Quyidagi grafikda ana shu tendensiya yaqqol ko‘zga tashlanadi:

aholi soni, fertillik, tug‘ilish statistikasi

Jahon banki ma’lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi.

2017-yildan keyingi davrda fertillik ko‘rsatkichi yana o‘sa boshladi. 2022−2023-yillarda bu ko‘rsatkich past-o‘rta daromadli mamlakatlar guruhi o‘rtacha ko‘rsatkichidan biroz yuqori shakllandi. Bu 2017-yildan keyingi erkinlik, iqtisodiy o‘sish va farzand ko‘rishga norasmiy to‘siqlarning tugatilishi bilan izohlanishi mumkin.

Jahon banki tasnifiga ko‘ra, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida O‘zbekiston fertillik ko‘rsatkichi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichga ega (quyidagi grafikda qizil rangdagi uzuq chiziq O‘zbekistondagi, ko‘k rangdagi uzuq chiziq esa, taqqoslash uchun, Qozog‘istondagi fertillik ko‘rsatkichini ifodalaydi). Bu holat, birinchidan, mintaqadagi daromadi nisbatan yuqori davlatlarda tug‘ilish darajasining pasayib borayotganligi bilan, ikkinchidan, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda tug‘ilish darajasi o‘sganligi bilan izohlanadi.

aholi soni, fertillik, tug‘ilish statistikasi

Jahon banki ma’lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi.

Umuman olganda, O‘zbekiston mansub daromad guruhi hamda Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi davlatlar bilan taqqoslashlar shuni ko‘rsatadiki, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda tug‘ilish ko‘rsatkichi sezilarli yaxshilangan. Xo‘sh, u holda joriy yildagi pasayishni qanday izohlash mumkin?

Bu savolga aniq javob topish qiyin. Shunga qaramay, nazarimda, hozirgi pasayish chuqur demografik muammolar bilan bog‘liq emas.

Bu qisman 1992−2001-yillarda kuzatilgan tug‘ilishlar sonining pasayishi tendensiyasi bilan izohlanishi mumkin. O‘sha yillarda tug‘ilishlar soni qariyb 30 foizga qisqargan. Masalan, mustaqillikning dastlabki yillarida yiliga 700 mingdan ko‘proq chaqaloq dunyo yuzini ko‘rgan bo‘lsa, yangi asrga kelib bu ko‘rsatkich 500 ming nafargacha pasaygan. Hozir chuqur pasayish davrida tug‘ilganlar mamlakatdagi tug‘ilishlar sonida asosiy rol o‘ynay boshlaydigan davrga kirib keldik — mustaqillikning dastlabki yillarida tug‘ilganlar farzand ko‘rish davridan o‘tmoqda. Bu esa tabiiy ravishda tug‘ilishlar sonining kamayishiga olib kelayotgan bo‘lishi mumkin. Masalan, hozirgi kundagi tug‘ilish darajasi va 27 yil (erkaklar uchun o‘rtacha oila qurish yoshi) oldingi tug‘ilish darajasi o‘rtasidagi bog‘liqlik (korrelyatsiya) 0,46 foiz atrofida. Bu hozirgi tug‘ilishlar soni 27 yil oldingi tug‘ilishlar soniga sezilarli darajada bog‘liqligini ko‘rsatadi.

Chuqur pasayish yillariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, pasayish 1992-yildan boshlangan, bu davrda tug‘ilgan insonlarning farzand ko‘rish davri esa o‘tib bormoqda. Nega pasayish aynan 1996−1997-yillarda tug‘ilganlar turmush qurish yoshiga yetganda ko‘zga tashlana boshladi? Bu savolga aniq javob berish qiyin. Fikrimcha, 2017-yildan keyingi davrda kelajakka bo‘lgan ishonchning ortishi hamda farzand ko‘rishga norasmiy to‘siqlarning yumshatilishi fonida tug‘ilishlar sonining kamayish davri biroz orqaga surilgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Bundan tashqari, yuqorida tilga olingan tendensiyaning orqaga surilishiga go‘daklar o‘limi, shuningdek, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi koeffitsiyentining pasayib borishi ham ta’sir o‘tkazgan bo‘lishi mumkin. Xususan, 1985-yilda har mingta chaqaloqqa qariyb 68 ta o‘lim holati qayd etilgan bo‘lsa, 1996-yilga kelib bu ko‘rsatkich 56,4 tagacha qisqargan. Bundan kelib chiqadiki, 80 yillarda ko‘proq bolalar tug‘ilganiga qaramay, ularning 6−9 foizi go‘dakligidayoq vafot etgan. Keyingi yillarda bu ko‘rsatkich pasayib borgan. Natijada tug‘ilishlar soni orasidagi farq katta bo‘lishiga qaramay, farzand ko‘rish yoshiga yetganlar sonidagi farq qisqargan. Bu esa, o‘z navbatida, tug‘ilishlar sonining pasayishiga ta’sir o‘tkazgan.

aholi soni, fertillik, tug‘ilish statistikasi

Jahon banki ma’lumotlari asosida muallif tomonidan tayyorlandi.

Buni so‘nggi yillarda nikohlar sonining qisqarishi tendensiyasidan ham ko‘rish mumkin. Xususan, tuzilgan nikohlar soni 2024-yilning 9 oyida 2,8 foizga, 2023-yilda 4,3 foizga hamda 2022-yilda 2,8 foizga qisqargan. Bu holat, birinchidan, nikoh yoshining oshayotganligi bilan izohlansa, ikkinchidan, mustaqillikning dastlabki yillaridan yangi asrgacha bo‘lgan davrdagi tug‘ilishlar sonining doimiy pasayish tendensiyasi o‘z ta’sirini ko‘rsata boshlaganligi bilan izohlanadi.

Hozirgi tug‘ilish darajasining pasayishiga aholining kamroq farzand ko‘rish haqidagi qarorlari ta’sir qilayotgan bo‘lishi mumkin, degan mulohazalar ham uchrab turibdi. Lekin har bir tug‘ish yoshidagi ayolga to‘g‘ri keladigan tug‘ilish darajasi so‘nggi yillarda o‘sish tendensiyasini namoyon qilayotgani, qolaversa, bu ko‘rsatkich 2017-yilda 2,4 ni tashkil etgani holda, 2023-yilga kelib 3,4 ga yetgani bunday fikrlarda asos yo‘qligini ko‘rsatadi. Ya’ni, odamlar ko‘proq farzand ko‘rishga qaror qilyapti. Bundan tashqari, 2024-yilda nikohdan ajrimlarning 47,5 foiziga aynan farzandsizlik sabab bo‘lgan. Buni aholi orasida ko‘pfarzandlilikning ahamiyati pasaymaganligidan dalolat beruvchi ko‘rsatkich, deb hisoblash ham mumkin.

Umuman olganda, 2024-yilda kuzatilayotgan tug‘ilish darajasi bilan bog‘liq tendensiya asosan farzand ko‘rish yoshidagi aholi sonining o‘zidan avvalgi avlodga nisbatan kamligi bilan izohlanadi. Boshqacha aytganda, bu pasayish chuqur demografik muammolar yuzaga kelayotganligini ko‘rsatmaydi, balki mavsumiylikka xos xususiyatga ega, xolos. Mustaqillikning dastlabki yillaridan yangi asrgacha bo‘lgan davrda tug‘ilganlar farzand ko‘rish yoshidan o‘tishi bilan tug‘ilishlar soni yana faol o‘sish tendensiyasining qaytish ehtimoli yuqori. Albatta, bu davriylikka boshqa omillar ham ta’sir ko‘rsatishi, uning qisqaroq yoki uzoqroq davom etishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazari bilan mos kelmasligi mumkin.