Andijon shahrida joylashgan Bobur haykali ko‘chirilib, o‘rnida biznes markazini qurish reja qilinmoqda. Bu vazirlik va idoralarga kelishish uchun yuborilgan “Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasining 16-bandida keltirilgan.
Telegram’dagi bakiroo kanalining yozishicha, haykalni shahardagi Registon maydoniga ko‘chirish, buning hisobiga bo‘shaydigan 1,2 gektar yer uchastkasida 2 ta 20 va 16 qavatli turar-joy majmuasi barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
Buning uchun 90 mln dollar miqdorida investitsiya mablag‘lari kiritilishi aytilgan.
“O‘zingizga tasavvur qilishingiz uchun bu xuddi poytaxt qoq markazidagi Amir Temur haykalini ko‘chirib, xiyobonda dom qurish bilan baravar qadam bo‘ladi”, — deb yozadi iqtisodchi.
Viloyat hokimligi taklifi bilan, shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘ining 10,7 gektar qismida Andijon city ishbilarmonlik markazi, 19 ta 18 qavatli va 7 ta 28 qavatdan yuqori turar joy va xizmat ko‘rsatish majmualari barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
Iqtisodchi bu bog‘ni esa Toshkentning “yuragi” Milliy bog‘ga qiyoslagan.
Andijon viloyati hokimligi matbuot kotibi Muslim Ibrohimov holat yuzasidan munosabat bildirarkan, Bobur haykali joylashgan maydon o‘rnida turar joylar emas, savdo markazi qurilishini tasdiqladi.
Viloyat markazidagi “Bobur” shoh ko‘chasida joylashgan chorrahada “aholining uzoq yillik istaklaridan bo‘lgan” yo‘l o‘tkazgich qurilmoqda.
“Bobomiz, Andijon farzandi, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur xotirasiga atab barpo etilgan maydon yangi qurilayotgan ko‘prik yaqinida joylashgan bo‘lib, loyiha qurilishi yakunlangach, ushbu maydon anchayin yopiq ko‘rinishga kelib, maydonning bir qismi ko‘prik ostida qoladi”, — deya izoh berdi hokimlik vakili.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu mavzu muhokama etilib, ilmiy kengash vakillari, boburshunoslar hamda Andijon oqsoqollaridan kerakli xulosa yasalgan.
Maydon o‘rnida Savdo Mall majmuasi, ko‘ngilochar markazlar, ofislar va xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan boshqa turdagi zamonaviy binolar barpo etish loyihasi taklif etilgan. Haykal esa Boburning o‘zi tug‘ilib o‘sgan eski shahar hududidagi o‘zbek tarixini o‘zida aks ettirgan Registon maydoniga ko‘chiriladi.
“Maydonni o‘ziga xos qo‘shimchalar bilan boyitish va yangi, ko‘rkam maydon barpo etishga kelishilgan. Hozirda bu rejani amalga oshirish uchun katta tayyorgarliklar ko‘rilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Bobur haykali avval viloyat hokimligi binosida yonida joylashgan edi. Keyinchalik Pushkin maydoni yaqiniga ko‘chirilgan, deb yozadi Platina.uz nashri.
Bir kun avval prezident Qonunchilik palatasining yangi tarkibdagi birinchi majlisida “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining istirohat bog‘lari, sayilgoh, xiyobonlarni xususiylashtirishni taqiqlash bo‘yicha pozitsiyasini ma’qullagandi.
Munosabatlar
Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev Telegram kanalida “ko‘p o‘tmay, „Andijon tajribasi“ sifatida, Samarqandda, Buxoroda, Xivada, Toshkentda ham qo‘llanishi” haqida yozdi.
“Hali bular Samarqandda Registon maydonini, Buxoroda Kalon ansamblini ham „ko‘chirib“ (buzib deb o‘qing), o‘rniga sitimi, savdo markazimi, balomi, battarmi, nimadir quradi deb yozganlarimda, birinchidan, ko‘proq kinoya qilgandim, oddiy qilib aytganda — hazillashgandim. O‘zim yozgan o‘sha gaplarga sal bo‘lsa-da ishongan vaqtimda ham, bunday ayanchli voqealarni o‘zim emas, kelgusi avlodlar ko‘rishi mumkin, deb taxmin qilgandim”, — deydi u.
“Aftidan, bunday pastkashliklar, bunday jirkanchliklarga guvohi bo‘lish “baxti” yaqin istiqboldayoq kutib turibdi, shekilli: Andijon shahri markazidagi Bobur haykalini ko‘chirib, o‘rnida 16 va 20 qavatli “dom”lar qurish tashabbusi davlat tashkiloti darajasida ilgari surilganini, davlat darajasida kelishish jarayonida ekanini bilib, yana nima deb o‘ylash mumkin… Tavba, tavba! Insof bersin! Tinchlik bo‘lsin!”, — deyiladi postda.
“Qaysidir bir yili qaysidir bir qirg‘iz oqini aytgan „Sot, sot, sot, sot, so-o-ot, Qo‘ltig‘ingdagi juningni ham so-ot!“ degan qo‘shiqni eshitadigan kayfiyat”, — deya qo‘shimcha qildi jurnalist.
X (sobiq Twitter) foydalanuvchilaridan biri shunday deydi: “Andijonda Boburni xaykali ko‘chirilsa, bu 4-marta ko‘chish bo‘ladi. Anjanda shunaqa gap bor: „Bobur xayotligida ham Andijonga sig‘magan edi. Xaykali ham sig‘mayapti“. Boburning o‘rni doim kimlargadir kerak bo‘lgan. Chamamda Bobur shart otini minib yana Xindistonga ketvorsa kerak!”.
Yana bir foydalanuvchi esa “Bobur haykali o‘rni mayli, lekin Navoiy bog‘i o‘rnini bermaslik shartligini ta’kidlamoqda. “Shunda mahkam bo‘lish kerak Anjanliklar. Sal qolsa 2 yil oldin ko‘lni ham cho‘llashtirishgandi, yozib yurib qaytarvolgandik”, — dedi u.
Facebook foydalanuvchisi Mohinur Mamatova esa “vokzaldan chiqish bilan ko‘rinib turadigan Bobur haykali, yonidagi kutubxona, xiyobon va kitoblar sotiladigan ko‘cha birgalashib o‘ziga xos ansamblni tashkil etib turishini” alohida qayd etgan. “Xiyobon o‘rnida yangi quriladigan bino shahar chiroyiga ko‘rk qo‘shish o‘rniga, uni buzib turishiga hech shubham yo‘q”, — deydi u.
Holatga ekologiya vaziri maslahatchisi, bloger Rasul Kusherbayev ham o‘z nuqtayi nazarini bildirdi.
“Qiyin tanlov: xalq manfaati ustunmi yo biznes guruhlar manfaatimi? Istirohat bog‘lari, maydonlar aslida xalq mulkidir. Oddiy aytganda ushbu ikki holat xalqdan yerlar tortib olinib, biznes uchun tikilayotganini ko‘rsatmoqda. “Soqqa” turganda xalqqa tupurilgan. Yo‘q bu ishlar xalq uchun deyilsa marhamat: unda hokimlik binolari o‘rnida ko‘p qavatli uylar qurilib, “siti piti”lar qurishsin. Shunda ishonsa bo‘ladi”, — deb yozdi u.
Bloger “bu ishlar uchun bog‘ va maydonlar egasi bo‘lgan Andijon xalqidan bir og‘iz so‘raldimi”, deya savol qoldirgan.