Hindiston poytaxti Dehlida havoning ifloslanishi keskin darajaga yetdi, shahar quyuq jigarrang smog bilan qoplangan, deb yozmoqda Guardian, AP va BBC.
IQAir ma’lumotlariga ko‘ra, seshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 11:30 da Dehlida havo sifati indeksi (AQI) 513 ga yetdi (51 dan 100 gacha — qoniqarli, 300 dan yuqori — hayot uchun xavfli). Shaharda PM2,5 zarrachalari konsentratsiyasi JSST me’yorlaridan 50−100 martadan ko‘proqqa oshdi. Dushanba kuni AQI 1150 dan oshgandi.
Poytaxtdagi yodgorliklar va baland binolarni smog qopladi, ko‘rinishning yomonlashuvi esa aviaqatnovlar jadvaliga ta’sir qildi, deya qayd etadi AP.
Zaharli havo hukumatni maktablarni yopishga va ularni masofadan o‘qitishga o‘tkazishga majbur qildi (10-, 11- va 12-sinflardan tashqari). Barcha qurilish ishlari to‘xtatildi, shuningdek, shaharga yuk mashinalarining kirishi taqiqlandi (birinchi navbatda zarur bo‘lgan tovarlar ortilgan mashinalar bundan mustasno).
Bundan tashqari, hukumat barcha ofislardan xodimlarning yarmini uydan ishlashga yuborishni so‘radi va bolalar, keksalar va surunkali kasalliklar yoki nafas olish bilan bog‘liq muammolari bo‘lgan boshqa shaxslarni iloji boricha kamroq ko‘chaga chiqishga chaqirdi.
O‘tgan haftada hukumat, shuningdek, ko‘mir va o‘tin ishlatish bilan bog‘liq barcha faoliyat turlarini, shuningdek, favqulodda xizmatlardan tashqari barcha uchun dizel generatorlaridan foydalanishni taqiqladi. Dehlida havoning yomon sifati bir hafta davomida saqlanib turishi kutilmoqda va mutaxassislar vaziyat yanada yomonlashishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.
The Guardian nashrining ta’kidlashicha, shaharda ifloslanish va toza havo “boylar va kambag‘allarni ajratib turuvchi asosiy chiziqlardan biriga aylandi”. Dehlidagi ko‘plab ishchilar kun davomida uzoq vaqt ko‘chada ishlashga va havo tozalagichsiz uylariga qaytishga majbur.
“Uyimdagi havo yo‘ldagidek ifloslangan… Biz shunchaki bunga chidashimizga to‘g‘ri keladi”, — dedi Dehlida yashovchi, uy yordamchisi bo‘lib ishlovchi Shagun Devi Guardian nashriga. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi ikki hafta ichida ifloslanishning yomonlashuvi tufayli oilasining barcha a’zolari kasal bo‘lgan. “Ishimga yetib borgunimcha holdan toyaman. Nafasim bo‘g‘iladi, ko‘zlarim va burnim achishadi. Men ishlaydigan uyda havo tozalagich bor. Bolalarim uchun bittasini sotib olmoqchi edim. Lekin uning narxi uch oylik maoshimga teng ekan”.
Qurbi yetadigan aholi Dehlidan Hindistonning boshqa hududlariga jo‘nab ketmoqda. “Bu [kuz-qish] faslida Dehlida yashab bo‘lmadi. Ifloslanish shu qadar yomonki, oxirgi hafta davomida boshim og‘ridi. Shunchaki yana bir kun ham bu yerda qololmadim”, — dedi nashrga texnik mutaxassis Aarti Sharma.
Poytaxtda havo sifatining yomonlashuvi ham ijtimoiy tarmoqlarda aholining noroziligiga sabab bo‘ldi, deb yozadi AP. Ko‘pchilik yo‘tal bilan bosh og‘rig‘idan shikoyat qilmoqda va shaharni “apokaliptik” va “gaz kamerasi” deb ta’riflayapti.
Dehli havosining ifloslanishi sabablari
Dehlida havo sifati yil davomida yomonligicha qolmoqda va shaharning o‘zi dunyoning eng ifloslangan poytaxti hisoblanadi. Ammo qish oylarida — oktabrdan yanvargacha — vaziyat juda yomonlashadi. Mahalliy aholi bu vaqtni hatto “ifloslanish mavsumi” deb ham ataydi.
Havo sovishi bilan haroratning keskin pasayishi, chang, shamol tezligining pastligi va avtomobil chiqindilari tufayli havo ifloslanadi. Hosilni yig‘ib-terib olgandan keyin boshoqli o‘simliklarning qoldiqlari yonib ketishi muammoni yanada chigallashtiradi. Bunday amaliyot Hindistonda noqonuniy hisoblanadi va katta jarimaga sabab bo‘ladi, ammo bu fermerlarni to‘xtatmaydi. Hindistonning Havo sifatini nazorat qilish va ob-havoni prognoz qilish tizimi (SAFAR) ma’lumotlariga ko‘ra, bu amaliyot noyabr oyidagi barcha havo ifloslanishining 40 foizini tashkil qiladi. O‘tgan yakshanba kuni sun’iy yo‘ldoshlar Hindistonning oltita shtatida 1334 ta maydon yoqilganini qayd etdi.
Ifloslanishning boshqa sabablari orasida sanoat chiqindilari va elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun ko‘mir yoqilishi kiradi.
O‘tgan oyda Hindiston Oliy sudi toza havoni insonning asosiy huquqlaridan biri deb topdi va markaziy hukumat hamda Dehli ma’murlariga choralar ko‘rishni buyurdi. Biroq ularning aksariyati samarasiz bo‘lib chiqdi, deb ta’kidlaydi Guardian.