Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026-yilgi jahon chempionatiga saralashning uchinchi bosqichi oltinchi turida KXDRni mag‘lub etdi. 19-noyabr kuni Laosdagi neytral stadionda bo‘lib o‘tgan o‘yin 0:1 hisobida yakunlandi.
Bosh murabbiy Srechko Katanets shogirdlari o‘yinni faol boshlab, ko‘plab vaziyatlar yaratdi, ammo gol birinchi bo‘lim oxiriga kelibgina urildi. 44-daqiqada yarim himoyachi, Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi Abbosbek Fayzullayev jarima maydonchasi tashqarisidan zarba yo‘lladi, to‘p rikoshet orqali raqib darvozasi to‘ridan joy oldi.
Ikkinchi bo‘limda KXDR hisobni tenglashtirish uchun bir necha imkoniyatlarga ega bo‘ldi, ammo golga aylanmadi. 83-daqiqada himoyachi Umar Eshmurodov jarima maydonchasi ichida qo‘li bilan o‘ynadi va qizil kartochka oldi, penalti belgilandi. Darvozabon O‘tkir Yusupov Shimoliy Koreya terma jamoasi bilan birinchi o‘yinda bo‘lganidek uchrashuvning 85-daqiqasida yana 11 metrlik zarbani qaytardi. U 89-daqiqada ham seyv amalga oshirdi.
Uchrashuv yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston 13 ochko bilan A guruhidagi ikkinchi o‘rnini mustahkamladi. Eron 13 ochko bilan birinchi o‘rinda, biroq hisobida bitta o‘yin bor.
O‘zbekiston keyingi saralash o‘yinini 20-mart kuni Toshkentda Qirg‘izistonga qarshi o‘tkazadi.