Bugun futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCH-2026 saralashining uchinchi bosqichi doirasida KXDRga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv Laosdagi neytral maydonda, soat 17:00 dan boshlab bo‘lib o‘tishi belgilangan.

Statistika

жалолиддин машарипов, жч-2026 саралаши, кхдр, сречко каtaнец, futbol

O‘zbekiston jahon chempionatlarining final bosqichida hech qachon ishtirok etmagan, ammo hozir terma jamoa mundialga yo‘llanma olishga yaqin turibdi. Material e’lon qilinayotgan vaqtda u “A” guruhida 10 ochko bilan ikkinchi o‘rinda, BAA va Qatardan uch ochko oldinda bo‘lib turibdi. So‘nggi turda aynan qatarliklar bilan o‘ynagan o‘zbekistonliklar 2:3 hisobida alamli mag‘lubiyatga uchradi. Hal qiluvchi go‘l qo‘shib berilgan daqiqalarning o‘n ikkinchisida kiritildi.

Saralash bosqichining dastlabki to‘rt turida Srechko Katanets shogirdlari KXDR (1:0), Qirg‘iziston (3:2) va BAA (1:0) termalarini mag‘lub etgan, shuningdek, Eron bilan durang o‘ynagandi (0:0).

KXDR jahon chempionati saralashining ikkinchi bosqichidayoq muammolarga duch keldi, ammo yakunda o‘z kvartetida Suriya va Myanmani ortda qoldirdi. Guruhda birinchi o‘rinni Yaponiya, ikkinchi o‘rinni esa KXDR egalladi.

Hozirda shimoliy koreyaliklar guruhda oxirgi o‘rinda bo‘lib turibdi. To‘rtta o‘yinda KXDR faqat Qatar (2:2) va BAA (1:1) bilan durang o‘ynab jami 2 ochko oldi. Boshqa uchrashuvlarda Sin Yon-Nam shogirdlari O‘zbekiston (0:1), Qirg‘iziston (0:1), bir necha kun avval esa ikkinchi bo‘limni ozchilik bo‘lib o‘tkazgan Eronga (2:3) imkoniyatni boy berdi.

O‘zbekiston Qatarga mag‘lub bo‘lgach, Srechko Katanets boshchiligida 17 o‘yindan iborat asosiy vaqtdagi mag‘lubiyatsiz seriyaga yakun yasaldi. Shimoliy Koreya terma jamoasi esa ketma-ket yetti uchrashuvdan beri g‘alaba qozona olmayapti va bu tufayli guruhda qiyin ahvolga tushib qoldi.

Milliy terma jamoa 2015-yildan buyon o‘tkazilgan so‘nggi beshta o‘yinda KXDR termasiga mag‘lub bo‘lmagan.

Umuman olganda, raqiblar o‘zaro 11 marta to‘qnash kelgan, O‘zbekistonda 8 g‘alaba, 2 durang va 1 mag‘lubiyat. 7 ta gol o‘tkazib yuborilgan bo‘lsa, 21 ta gol urilgan.

Uchrashuv oldidan matbuot anjumanidagi gaplar

жалолиддин машарипов, жч-2026 саралаши, кхдр, сречко каtaнец, futbol

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets Qatar bilan o‘yindan so‘ng futbolchilarda tayyorgarlik uchun yetarlicha vaqt bo‘lganini, lekin ular mashg‘ulot o‘tkazgan maydon sifati yaxshi emasligini qayd etib o‘tdi.

“Birinchi uchrashuvdan so‘ng tayyorgarlik uchun yetarlicha vaqt bo‘ldi. Futbolchilarning barchasi tayyorgarlikni davom ettirishdi. Faqatgina maydon masalasida sal muammolar bo‘ldi. Tayyorgarlik uchun ishlatilgan maydon yaxshi emasdi. Shunga qaramasdan bizni ertaga muhim uchrashuv kutib turganini yaxshi bilamiz. Ijobiy natija qayd etish uchun barcha ishni qilamiz”, — dedi u.

Jaloliddin Masharipov ham maydon holati bilan bog‘liq muammolar bo‘lganini ta’kidladi. Shunga qaramay, futbolchi hozir bunga e’tibor qaratish vaqti emasligini qo‘shimcha qildi.

“Keyingi o‘yinga tayyormiz. Aytib o‘tilganidek, mashg‘ulotlar vaqtida maydonda kichik muammolar bo‘ldi. Lekin hozir bu narsaga qaraydigan payt deb o‘ylamaymiz. Qo‘limizdan kelgancha eng yaxshi o‘yinimizni ko‘rsatib, 3 ochkoni qo‘lga kiritish uchun keldik. Oldimizdagi vazifa faqat shu”, — dedi Masharipov.

Katanets matbuot anjumani davomida Qatardan uchralgan mag‘lubiyatni ham eslab o‘tdi.

“Saralashdagi barcha uchrashuvlarni umuman yo‘qotishlarsiz o‘tkazishning iloji yo‘q. Shu sababli, ertaga maydonga tushadigan futbolchilar o‘zini ko‘rsatadigan vaqt keldi deb o‘ylayman. Ular bu imkoniyatdan yaxshi foydalanishlari talab etiladi”, — dedi u.

Jaloliddin Masharipov esa futbolchilar bilan birinchi o‘yinni tezroq esdan chiqargan holda bu o‘yinga diqqatni qaratish kerakligi haqida gaplashilganini aytdi.

“Men tayyormiz deb o‘ylayman. Chunki biz kuchli terma jamoamiz. Kuchli jamoalar futbolda doim bunday davrlarni boshidan o‘tkazib turadi. Biz kuchli jamoa ekanimizni bilamiz. Futbolchilar bilan birinchi o‘yinni tezroq esdan chiqargan holatda bu o‘yinga diqqatni qaratishimiz kerakligi haqida gaplashdik. Chunki ikkinchi o‘yin ham o‘shani o‘ylagan holatda o‘tib ketishini istamaymiz. Kuchli terma jamoa hech qachon ikkita o‘yinda ketma-ket yutqazmaydi. Xudo xohlasa, biz kuchli terma jamoamiz va buni ertangi o‘yinda ko‘rsatib, muxlislarimizni 3 ochko bilan xursand qilishga harakat qilamiz”, — Jaloliddin Masharipov.

Shimoliy Koreya terma jamoasi bosh murabbiyi Sin Yon-Nam uchrashuvda muvaffaqiyat qozonish uchun jamoa qo‘lidan kelgan barcha imkoniyatni ishga solishini ta’kidladi va buning uchun yetarlicha tayyorgarlik ko‘rilganini qayd etdi. Uning aytishicha, Shimoliy Koreya terma jamosida O‘zbekistonga qarshi o‘yin uchun alohida strategiya mavjud.

“O‘yin bilan bog‘liq barcha tayyorgarliklarni puxta bajardik. Uchrashuv davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlarga moslashish juda muhim. Futbolchilarimiz o‘yinga to‘liq tayyor va yaxshi natijaga erishish uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz”, — dedi u.

Matbuot anjumanida qatnashgan Shimoliy Koreya terma jamoasi hujumchisi Xan Kvan Son ham O‘zbekiston terma jamoasi chuqur o‘rganilgani va ularga qarshi qanday o‘ynash kerakligi aniqlab olinganini ta’kidladi.

“Shu sababli ertangi bahsda yaxshi natijalarga erishamiz, deb o‘ylayman. Biz O‘zbekistonga qarshi dastlabki uchrashuvda kutilgan natijaga erisholmadik. Bu muvaffaqiyatsizlik sabablarini tahlil qilib, navbatdagi o‘yin uchun chuqur tayyorgarlik ko‘rdik. Eron jamoasiga qarshi bahsda yo‘l qo‘ygan kamchiliklarimizni O‘zbekiston jamoasiga qarshi bahsda takrorlamaslik uchun bor mahoratimizni ishga solamiz”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, Qatar bilan bo‘lgan uchrashuvida O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilari Eldor Shomurodov va Otabek Shukurov jarohat olgandi. Ma’lum bo‘lishicha, shifokorlar xulosasiga ko‘ra, ular Shimoliy Koreya terma jamoasiga qarshi o‘yinda maydonga tusha olmaydi.