Shavkat Mirziyoyev yangi chaqiriq Oliy Majlis Senatining birinchi majlisida ishtirok etmoqda. Prezident nutqi davomida yuqori palata o‘z faoliyatida to‘liq ishga solishi mumkin bo‘lgan imkoniyat va yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tdi.

Konstitutsiyada Senat hududiy vakillik palatasi ekani belgilab qo‘yilgan. Shu bilan birga, oldingi chaqiriqda Senat mahalliy kengashlar bilan muloqot va hamkorlik borasida faqat dastlabki qadamlarni qo‘ygani ta’kidlandi.

Prezident mahalliy kengashlar 15 dan ortiq masalalar bo‘yicha qaror qabul qilish vakolatiga ega bo‘lsa-da, ularni tayyorlash, kelishish va tasdiqlash bo‘yicha yagona tartib haligacha ishlab chiqilmaganini aytdi.

Bundan tashqari, mahalliy kengashlarning eng yaxshi tajribalarini boshqa hududlarda ham ommalashtirish, namunali kengashlarni e’tirof etish ham yo‘lga qo‘yilsa, ishning samarasi yanada oshishi ta’kidlandi.

Konstitutsiyaga muvofiq, Senat 10 dan ziyod yuqori martabali mansabdor shaxslarning hisobotlarini eshitadi. Prezident hisobotlar ko‘p hollarda chuqur tahlillar o‘tkazmasdan ko‘rib chiqilayotgani ta’kidlab o‘tdi.

Prezident Senat oldida qanday dolzarb vazifalar turgani yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi. Senat qonunlarni muhokama qilishda yangicha mexanizmlarni joriy etishi maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Ayniqsa, qonun ijodkorligi jarayoniga mahalliy kengashlarni keng jalb etish, har bir qonun bo‘yicha ularning fikrini olish amaliyotini yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga egaligi ta’kidlandi.

Hududlarning o‘ziga xos xususiyat va imkoniyatlari hisobga olinmagan qonunlar quyi bo‘g‘inda samarali ishlamasligi bois, davlat rahbari qonunlarni parlament qo‘mitalarida ko‘rib chiqishda vazirlik va idoralar vakillari bilan emas, balki mahalliy kengashlar deputatlari bilan ko‘proq ish olib borilsa, adolatdan bo‘lishini qayd etdi.