O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 2024-yilning 19-noyabr kuni Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan amaldagi Hukumat yangi saylangan Oliy Majlis oldida vakolatlarini zimmasidan soqit qildi. Bu haqda bosh vazir matbuot kotibi xabar qildi.

2024-yilning 27-oktabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovlariga muvofiq, Oliy Majlis palatalari yangi tarkibda shakllantirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 116-moddasi va “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasida Vazirlar Mahkamasi Oliy Majlis oldida o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilishi belgilangan.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining tegishli farmoniga asosan, amaldagi Vazirlar Mahkamasi Hukumat faoliyatida uzviylik va uzluksizlikni ta’minlash maqsadida yangi tarkibdagi Vazirlar Mahkamasi shakllantirilguniga qadar o‘z faoliyatini davom ettirib turishi ma’lum qilinadi.

Bu qonun chiqaruvchi organ yangilangandan keyin ijro etuvchi hokimiyatni qayta ishga tushirishga qaratilgan standart protseduradir.

Yangi parlament shakllanganidan keyin bir oy ichida O‘zbekiston Prezidenti barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazgandan so‘ng bosh vazir nomzodini Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishi uchun kiritadi.

Nomzod Vazirlar Mahkamasining yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakatlar dasturini taqdim etadi. Agar uning nomzodi uchun Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining yarmidan ko‘pi ovoz bersa, u ma’qullangan hisoblanadi.

Bosh vazir ma’qullaganidan so‘ng hukumatning yangi tarkibini shakllantirish boshlanadi.

Vazirlar Mahkamasi a’zolari (bosh vazir o‘rinbosarlari va vazirlar) nomzodlari parlament quyi palatasi tomonidan ma’qullanganidan keyin prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi. Buning uchun ular deputatlarning yarmidan ko‘p ovozini olishi kerak.

Saylovdan keyin hamma vazirlar ham almashtirilavermaydi. Ko‘pincha, ko‘plab vazirlar o‘z lavozimlarida qoladilar, ayniqsa ularning ishi ijobiy baholangan bo‘lsa va ular yangi hukumatning siyosiy yo‘nalishiga mos kelsa.

Shunga qaramay, ba’zi vazirlar parlament va hukumatning yangi tarkibi oldida turgan siyosiy ustuvorliklar va vazifalarga qarab almashtirilishi mumkin.

2020-yilgi saylovlardan so‘ng deputatlar taqdim etilgan barcha 35 nafar vazir va bosh vazir o‘rinbosarlari nomzodlarini ma’qullagandilar (biz ovoz berish jarayoni qanday o‘tganini yozgan edik).