15-noyabr kuni “O‘quvchi-yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori [PQ-393-son] qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta (prezident, ijod, ixtisoslashgan ta’lim muassasalari) ta’lim tashkilotlarida chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani nufuzini oshirish va uning rahbarlari faoliyatini muvofiqlashtirish yuzasidan yangi tizim joriy etiladi. Yangi tizimga ko‘ra:

  • “Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi, faol hayotiy pozitsiya” tamoyiliga asosan yangilangan CHQBT fanining o‘quv dasturi va darsliklari yaratiladi;
  • ta’lim tashkilotlarida CHQBT fani haftasiga ikki soatdan o‘qitiladi.

2025-yil 1-iyundan ta’lim tashkilotlarida CHQBT rahbari lavozimi joriy etiladi.

Shuningdek, ta’lim tashkilotlarida:

  • o‘quvchilar o‘rtasida kibersport, dron va robototexnika, kelajak o‘yinlari bo‘yicha alohida tanlovlar hamda harbiy-sport musobaqalari o‘tkaziladi;
  • ziyolilar va nuroniylar ishtirokida “uch avlod uchrashuvlari” tashkil etiladi;
  • harbiy xizmatchilar tomonidan motivatsion suhbatlar va mahorat darslari olib boriladi.

Qaror bilan har bir tuman (shahar)da bitta umumiy o‘rta ta’lim maktabi negizida “Jasorat maktabi” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

“Jasorat maktablari”da:

  • matematika, CHQBT, tarix, jismoniy tarbiya, chet tili, fizika fanlari chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladi;
  • o‘qish uchun o‘quvchilarni saralash 5-sinfdan boshlab amalga oshiriladi;
  • robototexnika, kelajak o‘yinlari, tibbiy tayyorgarlik, huquqiy savodxonlik, milliy sport o‘yinlari kabi to‘garak mashg‘ulotlari o‘tkaziladi;
  • o‘quv yili davomida ikki marta harbiy poligonlarda, har chorakda bir marta harbiy qismlarda amaliy mashg‘ulotlar olib boriladi.

2026/2027 o‘quv yilidan boshlab “Jasorat maktabi”ni a’lo baholar bilan tamomlagan har bir “Vatan tayanchi” otryadining a’zosi bo‘lgan bir nafar o‘quvchiga oliy harbiy va harbiylashtirilgan hamda yuridik ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma beriladi.

Ta’lim tashkilotlarida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda “Turon” maktab teatri tanlovi o‘tkazib boriladi.