AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp favqulodda holat joriy etish va migratsiyaga qarshi kurashish uchun harbiylardan foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda amerikalik siyosatchi Tom Fitton Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi. Uning xabarini Tramp repost qilarkan, “True!!!” (Rost) deya ma’lumotni tasdiqladi.

Tramp matbuot kotibi Karolin Livitt Newsweek nashriga aytishicha, bo‘lajak davlat rahbari “Amerika tarixidagi noqonuniy jinoyatchilar, giyohvand moddalar savdosi va odam savdosi bilan shug‘ullanuvchilarni deportatsiya qilish bo‘yicha eng yirik operatsiyani o‘tkazish uchun federal va shtat darajasidagi barcha vakolatlardan” foydalanmoqchi.

Tramp AQShdagi noqonuniy muhojirlarga qarshi keskin kurashish rejasini bir necha bor e’lon qilgan. U qonunni buzgan muhojirlari bor har bir shahar va hududlarni qutqarishga va’da bergan va ularni AQShdan “imkon qadar tezroq” chiqarib yuborishini aytgan.

Saylovoldi poygasi davomida u Amerikaga boruvchilar tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar haqida bahsli bayonotlarni bergandi: masalan, Tramp Harris bilan debati davomida fitna nazariyasini takrorlagan — go‘yoki AQShdagi muhojirlar uy hayvonlarini iste’mol qilmoqda. Boshlovchilar jarayonga aralashgan va Tramp aytgan Ohayo shtatining Springfild shahri boshqaruvchisi bu mish-mishni rad etganini ta’kidlagan. Springfilddagi gaitiliklar hamjamiyati Trampning bu bayonotlarini “qoralov” deb atagan va siyosatchi keltirgan ma’lumotlar rad etilganini ta’kidlab, sudga murojaat qilgan.

AQShning yangi ma’muriyatida noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qilish uchun Tramp davrida immigratsiya va bojxona xizmatining sobiq rahbari — “chegara qiroli” Tom Xoman javob beradi, deb yozadi RBK. Uning birinchi davrida Xoman xorijliklarga nisbatan “nol murosasizlik” siyosatining yuzi edi. Qamoqda saqlash va deportatsiya paytida minglab hujjatsiz migrant bolalar ota-onalaridan ajralganida oila a’zolarini ajratish amaliyoti uning nomi bilan bog‘liq bo‘lgan.

CBS ma’lumotlariga ko‘ra, AQShda 11 milliondan ortiq muhojir (aholining qariyb 3 foizi) hujjatsiz yashaydi, ularning deyarli 80 foizi mamlakatda o‘n yildan ortiq vaqtdan beri istiqomat qilib kelmoqda.