Toshkent davlat agrar universitetiga Narzullo Oblomuradov rektor etib tayinlandi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
18-noyabr kuni vazirlik rahbari Ibrohim Abdurahmonov boshchiligida Toshkent davlat agrar universitetida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi mas’ullari, universitet professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Unda Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Toshkent davlat agrar universitetiga rektor etib tayinlangan Narzullo Oblomuradovni jamoaga tanishtirildi. Universitetda shu vaqtgacha Sohib Islamov rektor vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat yuritgan.
Narzullo Oblomuradov 2024-yilning iyun oyida mazkur oliygohning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori bo‘lib ishlab kelayotgandi. Shuningdek, 2023-yilda u Toshkent moliya instituti prorektori bo‘lgan.
Narzullo Oblomuradov (1975-yilda tug‘ilgan) 1996-yilda Toshkent Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini, 2000-yilda Birmingem universitetini (Buyuk Britaniya) tamomlagan. Iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent.
O‘tgan yillar davomida O‘zbekiston prezidentining Xalq qabulxonasi faoliyatini monitoring qilish va muvofiqlashtirish bo‘limiga rahbarlik qilgan, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari (2020-yilda tayinlangan), O‘zbekiston Ekologik partiyasi raisi (2021-yilda saylangan) bo‘lgan.
U 2021-yil oktabr oyida bo‘lib o‘tgan saylovda O‘zbekiston prezidentligiga nomzodini ko‘rsatgan va yakunda 4,1 foiz ovoz olgan. O‘sha yilning dekabr oyida Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi bo‘lgan.
2022-yil dekabr oyida O‘zbekiston vazirlik va idoralari soni qisqartirilib, qayta tashkil etilganidan so‘ng u tabiat resurslari vazirining o‘rinbosari etib tayinlangandi. Iyun oyida u boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod qilingan.