O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida ishtirok etdi.

“Biz yagona kuchmiz, yagona millatmiz. Mana shu millatimizning, jonajon vatanimizning ertangi kuniga befarq bo‘lmasdan harakat qilishimiz kerak. Hammangiz vatanparvarsizlar, har biringizning [parlamentda] o‘rningiz alohida. Xalq noibi bo‘lish hammaga ham nasib qilmagan. Bu yerda o‘tirgan xalq noibi yuragidan xizmat qilishga tayyor bo‘lishi kerak”, dedi u yig‘ilish yakunida (“O‘zbekiston 24” telekanali syujeti asosidagi nutq).

“Biz juda katta islohotlarni boshladik. Xalqimiz mana shu islohotlarga ishonyapti. Uning bardavomligi siz bilan bizga bog‘liq. Yangi O‘zbekistonning yangi parlamenti — Qonunchilik palatasi shuni nazorat qiladigan tizimni yaratib, amalga oshirsa, men sizlardan minnatdor bo‘laman, — dedi davlat rahbari.

deputatlar, qonunchilik palatasi, saylovlar 2024, shavkat mirziyoyev

Shavkat Mirziyoyev yana bir bor parlamentda “albatta, muhokama va muholifat bo‘lishi kerak”, deya ta’kidladi.

“Ushbu raqobatda xalqchil qonunlar paydo bo‘ladi. Raqobatda odamlarning dardu tashvishlari qog‘ozda o‘z aksini topadi va amalda oshadi… Bugun tarixiy kun. Bugun so‘zga chiqqanlar bu boshqa O‘zbekiston, boshqa xalq ekanini ta’kidladilar. Buni chuqur tushunishingizni iltimos qilaman. Xalqimiz sizni umid bilan sayladi. Xalqimiz ovoziga munosib bo‘laylik, xalqimizni qadriga yetaylik. Bu buyuk xalq bizga ishondimi, mana shu ishonchni oqlaylik”, dedi prezident.

Avvalroq davlat rahbari yangi davrda O‘zbekiston parlamenti haqiqiy xalq uyiga, uning quyi palatasi esa g‘oyalar generatoriga, sog‘lom raqobat va bahs-munozaralar maydoniga aylanishi kerakligini ta’kidlagandi. U parlamentdagi muxolifatni faollashtirish zarurligini qayd etib, uning huquqlarini kengaytirishni taklif qildi.