TBC Uzbekistan o‘z protsessing markazini ishga tushirayotganini e’lon qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga xabar berdi.

Kompaniya o‘z protsessing tizimiga o‘tish yangi mahsulot va xizmatlarni joriy etishni tezlashtirishini qayd etdi. Ekotizimning barcha ehtiyojlarini hisobga olgan holda yaratilgan yuqori texnologiyali protsessing markazi to‘lovlarni qayta ishlashning maksimal samaradorligini ta’minlashi va yangi mahsulotlarni bozorga chiqarishni tezlashtirishi aytilmoqda.

Yangi protsessing markazi TBC`ning barcha to‘lov operatsiyalarini, jumladan P2P o‘tkazmalarini, bank kartalari orqali to‘lovlarni, shuningdek QR-kodlardan foydalangan holda amalga oshiriladigan to‘lovlarni qayta ishlaydi. Shuningdek, u TBC`ga ma’lumotlar tahlili sohasida qo‘shimcha imkoniyatlar beradi, bu esa o‘z navbatida kompaniyaga mijozlar va hamkorlarning ehtiyojlarini chuqurroq tushunishga imkon beradi. Bu jismoniy shaxslar va kichik hamda o‘rta biznes uchun yangi mahsulotlarni, shu jumladan, ekvayring bo‘yicha kompleks yechimlarni ishlab chiqishga yordam beradi.

“Biz infratuzilmamizga sarmoya kiritishni davom ettirmoqdamiz va o‘z protsessing markazimizning ishga tushirilishi ulkan rejalarimizni amalga oshirish yo‘lidagi muhim bosqich. O‘z protsessingimiz O‘zbekistonning istiqbolli va tez o‘sib borayotgan bozorida innovatsion moliyaviy mahsulotlarni joriy etishni tezlashtirish va kengaytirishga imkon beradi”, — deydi TBC Uzbekistan bosh direktori Nika Kurdiani.

Protsessing markazi bankka o‘zgarishlarga yanada moslashuvchan munosabatda bo‘lishga — masalan, Apple Pay, Google Pay, PayPal xizmatlarini O‘zbekistonda paydo bo‘lishi bilanoq tezda ishga tushirish, shuningdek boshqa yangi va talabi yuqori bo‘lgan yechimlarni tezkor ravishda bozorga olib chiqishga yordam berishi kutilmoqda.

TBC Uzbekistan, shuningdek, o‘z protsessingini ishga tushirish O‘zbekistonning butun to‘lov infratuzilmasini rivojlantirishi va uni yanada xilma-xil qilishga sezilarli hissa qo‘shishini qayd etdi.

Ma’lumot o‘rnida, TBC Uzbekistan London fond birjasida ro‘yxatga olingan TBC Bank Group tarkibiga kiruvchi raqamli bank ekotizimi hisoblanadi. TBC Uzbekistan uchta fintech yo‘nalishlarini o‘z ichiga oladi: TBC UZ mobil banki, jismoniy shaxslar va kichik biznes raqamli to‘lovlari uchun mo‘ljallangan payme ilovasi, hamda payme nasiya — muddatli to‘lov xizmati.

Kompaniya matbuot xizmati bergan ma’lumotlarga ko‘ra, TBC Uzbekistan o‘z faoliyatini boshlangandan beri uning ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilari soni 16 mlnga yetgan. 2024-yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, bankning sof foydasi 16 mln dollarni tashkil etdi, kredit va depozit portfellari hajmi esa yillik taqqoslashda mos ravishda 113 foiz va 58 foizga o‘sdi. TBC Bank Uzbekistan Fitch Ratings reyting agentligining BB- reytingiga ega (O‘zbekistonning mamlakat reytingi darajasida), ko‘rsatkichi esa “barqaror” deb belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Kaspi kompaniyasi Humo’ni xususiylashtirish jarayonida ishtirok etmaslikka qaror qilgani ma’lum bo‘lgandi.

Avgust oyida bu kompaniya Humo’ni xususiylashtirishdan manfaatdorligini bildirib, Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga majburiyatga ega bo‘lmagan xat yuborgandi.

Humo milliy to‘lov tizimi 2018-yil sentabr oyida tashkil etilgan. O‘shanda chakana to‘lovlar bilan ishlovchi davlat protsessing markazining yo‘qligi milliy to‘lov tizimining xavfsizlik darajasini pasaytirishi, to‘lov infratuzilmasining yagona integratsiyasini ta’minlash imkonini bermasligi va bitta monopol tizimning hukmronligiga olib kelishi qayd etilgandi.

Humo tizimi o‘sha paytdagi yagona xususiy tuzilma bo‘lgan Uzcard protsessing markazida katta dasturiy nosozlikdan so‘ng paydo bo‘lgan.