Shavkat Mirziyoyev 19-noyabr kuni Oliy Majlis Senatining saylovdan keyingi birinchi majlisida ishtirok etdi.
Davlat rahbari beshinchi chaqiriq parlament yuqori palatasi tarkibi sifat jihatidan yuqori saviyada shakllantirilgani — uning tarkibiga yetakchi soha vakillari, shuningdek, siyosat, iqtisodiyot, fan va madaniyatning taniqli arboblari kiritilganini ta’kidladi.
Har uchinchi senator ilmiy darajaga ega. Qariyb 27 foizi (65 dan 16 nafari) xotin-qizlar bo‘lib, bu, prezidentning so‘zlariga ko‘ra, oila, onalik va bolalik, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, umuman, ijtimoiy masalalar bo‘yicha qonun ijodkorligi va deputatlik nazoratini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mahalliy kengashlar tarkibi qariyb 60 foizga yangilandi va 3000 dan ortiq kishi birinchi marta deputat bo‘ldi.
Kengash deputatlari xotin-qizlar ulushi 32 foizga, 30 yoshgacha bo‘lgan deputatlar soni esa 3 barobar oshdi.
Shavkat Mirziyoyev Senatning avvalgi tarkibi mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shganini alohida ta’kidladi. Oxirgi besh yilda yuqori palata tomonidan 106 marta hisobotlar eshitilgan, ijro organlariga 1 ming 300 ta so‘rov kiritilgan. O‘tgan davrda xorijiy davlatlar bilan parlamentlararo do‘stlik guruhlari soni 26 tadan 73 taga yetgan.
Konstitutsiyaviy islohotlar natijasida Senat tarkibi ixchamlashib, uning a’zolari soni 100 nafardan 65 nafarga qisqardi. Ayni vaqtda senatorlarning vakolatlari va mas’uliyati bir necha barobar oshdi. Senatga ham qonunchilik taklifi kiritish huquqi berildi.
Prezident yig‘ilganlar e’tiborini xalqaro vaziyatga qaratib, tinchlik va hamjihatlik muhimligini ta’kidladi.
“Mana shunday g‘oyat tahlikali vaziyatda biz faqat kuchli iroda, birlik va hamjihatlik, qattiq mehnat bilangina yurtimizda tinchlik va taraqqiyotni ta’minlashga erisha olamiz. Hurmatli senatorlarimiz, mahalliy kengashlarga saylangan deputatlarimiz ana shu o‘tkir haqiqatni, o‘z zimmalaridagi ulkan mas’uliyatni chuqur anglab ish olib boradilar, deb ishonaman”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
U hozirgi vaziyat har bir insondan o‘z ishiga tanqidiy baho berishni, mutlaqo yangi formatga o‘tishni talab qilishini ta’kidladi.
Konstitutsiyada Senat hududiy vakillik palatasi ekani belgilangan. Vaholanki, yuqori palata so‘nggi chaqiriqdagina mahalliy kengashlar bilan o‘zaro hamkorlik va uyg‘unlikni yo‘lga qo‘yish borasida dastlabki qadamlarni qo‘ya boshladi.
Masalan, kengash 15 dan ortiq masala bo‘yicha qaror qabul qilish vakolatiga ega bo‘lishiga qaramay, ularni tayyorlash, muvofiqlashtirish va tasdiqlashning yagona tartibi hali ishlab chiqilmagan.
Bundan tashqari, mahalliy kengashlarning ilg‘or tajribasini boshqa hududlarda ham ommalashtirish, namunali kengashlarni e’tirof etish ular faoliyati samaradorligini sezilarli darajada oshirishi ta’kidlandi.
Asosiy qonunga ko‘ra, Senat 10 dan ortiq yuqori lavozimli amaldorlarning hisobotlarini eshitadi. Biroq, ta’kidlanishicha, bu hisobotlar ko‘pincha chuqur tahlil qilinmasdan ko‘rib chiqiladi.
Shu munosabat bilan davlat rahbari senatorlar oldida turgan sakkizta dolzarb vazifani belgilab berdi.
Qonunlarni muhokama qilishning yangi mexanizmlarini joriy etish, xususan, mahalliy kengashlarni qonun ijodkorligi jarayoniga jalb etish va har bir qonun bo‘yicha ularning fikrini hisobga olishni taklif qildi.
Uning fikricha, qonunlarda hududiy va umumdavlat manfaatlari uyg‘un bo‘lishiga erishish lozim.
Shavkat Mirziyoyev mahalliy Kengashlar faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash Senatning ustuvor vazifasiga aylanishi kerakligini ta’kidladi.
Endi xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahri kengashlariga hokimlar emas, balki deputatlar orasidan saylangan kengash raislari boshchilik qiladi. Shuningdek, kengash so‘rovi va kengash tekshiruvi kabi yangi mexanizmlar orqali hududiy ijro organlari faoliyati ustidan nazorat kuchaytiriladi.
Mahalliy kengashlar vazirlik va idoralarning quyi tuzilmalari, ayniqsa, tuman va shahar mahalliy bo‘limlari bilan yangicha yondashuvlardan foydalangan holda o‘zaro hamkorlik qilishi zarur, dedi prezident.
Bundan tashqari, yangilangan Konstitutsiyada Senatga mahalliy kengashlarning qarorlari qonunchilikka muvofiq bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha katta mas’uliyat yuklatilgan. Davlat rahbari bu borada ochiqlik va shaffoflikni, qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha samarali tizim yaratishi kerak, deb hisoblaydi.
Shavkat Mirziyoyev Senat qo‘mitalari yuqori palataning harakatlantiruvchi kuchi ekanini aytib, qo‘mitalardagi eshituv instituti asoslarini qonun darajasida mustahkamlashni taklif qildi.
Shuningdek, u kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish borasidagi dastur va rejalarni to‘liq ro‘yobga chiqarishda senatorlarning ishtiroki juda muhimligini ta’kidladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashda parlament nazoratini kuchaytirish, bu jarayonga butun jamiyatni jalb etish muhim deb topildi. Senat aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish, yoshlarda qonunga hurmat, to‘g‘rilik va halol mehnat tushunchalarini singdirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqishi kerak, dedi prezident.
Davlat rahbari Senat tomonidan Sudyalar oliy kengashining barcha a’zolarini saylash tizimi yo‘lga qo‘yilgani sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladi. Senat faqat nomzodlarni tasdiqlash bilan cheklanmay, ularning faoliyati bilan tanishib, xulosa berish amaliyotini yo‘lga qo‘yishi zarur, dedi u.