19-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi yangi chaqiriq Oliy Majlis Senatining birinchi majlisida Senat raisi va uning o‘rinbosarlarini saylash to‘g‘risidagi tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Unda Tanzila Narbayeva Senat raisi etib qayta saylandi.
Senat raisi prezidentning taklifiga binoan palata tuzilgandan keyingi birinchi majlisda uning a’zolari orasidan senatorlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan yashirin ovoz berish yo‘li bilan besh yil muddatga saylanadi. O‘tgan yili yangilangan Konstitutsiyaga ko‘ra, bir shaxs ketma-ket ikki muddatdan ortiq raislik qila olmaydi (Konstitutsiya yangilangandan keyin).
Konstitutsiyaning 101-moddasiga muvofiq, prezident Senati raisi lavozimiga senator Tanzila Narbayeva nomzodini taqdim etdi va senatorlar tomonidan saylandi.
“Tanzila Narbayeva davlat va jamoat boshqaruvida boy tajribaga ega ekani, o‘tgan davrda shu lavozimdagi samarali faoliyati natijasida mamlakatimizda xotin-qizlar, bolalar huquqlarini ta’minlash va ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vaziyat sezilarli ravishda yaxshilangani ta’kidlandi”, — deyiladi xabarda.
Yuqori palata raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga esa senator Sodiq Safoyev, o‘rinbosari lavozimiga senator Amanbay Orinbayev nomzodlari tavsiya etildi va ular ham senatorlar tomonidan saylandi.
Prezident ularga bildirilgan yuksak ishonch bilan tabriklab, ularning kelgusi faoliyatida yutuq va muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tiladi.
“O‘zingiz bir tasavvur qiling — 37 millionlik xalqdan faqatgina 65 nafar insonga senator bo‘lishdek yuksak sharaf va baxt nasib etdi. Bu ulkan ishonch va mas’uliyatning qadriga yetish, uni halol va sodiq xizmat bilan oqlash barchamizning muqaddas burchimizdir. Sizlar Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessans poydevorini bunyod etishga munosib hissa qo‘shasizlar, xalqchil va adolatli qonunlar qabul qilib, barchaga o‘rnak bo‘lasizlar, deb tilak bildiraman”, — dedi davlat rahbari.
“Men siz, muhtaram senatorlar timsolida ana shunday katta ishlarga qodir, O‘zbekiston oldida turgan strategik vazifalarni chuqur anglaydigan, Vatan va xalq manfaatini hamma narsadan ustun qo‘yadigan fidoyi insonlarni — o‘zimning eng yaqin maslakdoshlarimni ko‘raman. Sizlar bor bilim va tajribangiz, kuch va imkoniyatingizni ishga solib, mamlakatimiz hayotida, Senat faoliyatida yangi, yorqin sahifa ochasiz, deb ishonaman”, — dedi prezident majlis yakunida.
Tanzila Narbayeva 1956-yilda tug‘ilgan. Hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetini 1981-yilda tamomlagan. U 2019-yilda Oliy Majlis Senati raisi lavozimiga saylangandi (2020-yil yanvar oyida qayta saylangan).
Undan avval 15 yil Vazirlar Mahkamasi xodimi, 6 yil Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi, shuningdek deyarli 3 yil davomida Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida faoliyat yuritgan.
Sodiq Safoyev 1954-yilda tug‘ilgan. U hozirgi Milliy universitetni tamomlagan, 2016-yilda Senatda yangi ta’sis etilgan raisning birinchi o‘rinbosari lavozimiga tasdiqlangan.
U turli yillarda tashqi ishlar vaziri, O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi, prezidentining davlatlararo munosabatlar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi, O‘zbekistonning AQShdagi elchisi, Senatning Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasi raisi bo‘lgan.
Amanbay Orinbayev 2022-yilning avgustida Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, ko‘p o‘tmay Senat a’zoligiga saylangan.
U 2022-yilning mart oyi boshidan iyul oxiriga qadar Qoraqalpog‘iston IIV rahbari lavozimida ishlagan. Iyul oyi boshida respublikada yuz bergan namoyishlardan so‘ng u o‘z lavozimidan ozod qilingan va Vazirlar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. Avgust oyi boshlarida u o‘z nomzodini Jo‘qorg‘i Kengesning bo‘shab qolgan o‘rinlariga qo‘ydi va 21-avgust kuni deputat sifatida saylangandi.
Eslatib o‘tamiz, kuni kecha yangi chaqiriq Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining birinchi tashkiliy majlisida palata spikeri lavozimiga yashirin ovoz berish yo‘li bilan XDP deputati Nuriddin Ismoilov qayta saylangandi.