Toshkent xalqaro aeroportida uchib kelish zalini rekonstruksiya qilish boshlandi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.
Shu sababli zalning chap tomonidan yo‘lovchilarning chiqishi to‘xtatiladi. Endilikda uchib kelganlar binodan to‘g‘riga qarab chiqishadi. Qurilish vaqtida xavfsizlikni ta’minlash uchun vaqtinchalik usti yopiq yo‘lak quriladi. Kutib oluvchilar zali odatdagi rejimda ishlaydi.
Loyihaga ko‘ra, bino fasadini oldinga surish hisobiga uchib kelish zali maydoni 2500 kv.m ga oshadi. Hozirda mavjud zal maydoni 5300 kv.m hisoblanadi.
Ushbu bosqich yana ikkita bagaj lentalarini o‘rnatish va terminal ichida kutib oluvchilar uchun keng maydon yaratishni o‘z ichiga oladi.
Foto: Uzbekistan Airports axborot xizmati
Rekonstruksiya ishlarini 2025-yilning may oyida yakunlash rejalashtirilgan, shundan so‘ng qurilish ishlarining yakuniy bosqichi boshlanadi, unda uchib ketish va kelish zallarini birlashtirish nazarda tutilgan. Bu esa o‘z navbatida soatiga 2400 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega yirik yagona aeroport majmuasini yaratish imkonini beradi.
Avgust oyining oxirida “Gazeta.uz” Toshkent xalqaro aeroportining jo‘nash terminali 2023-yil dekabrda boshlangan qayta qurishdan so‘ng qanday o‘zgargani bo‘yicha material tayyorlagandi. Bino panjaralardan xalos bo‘ldi, endi u yerga mashinada borish mumkin. Yo‘lovchilar va kuzatuvchilar uchun katta zal va ichki hovli paydo bo‘ldi. Keyinroq uchib kelish va ketish zallari birlashtiriladi, bu esa aeroportning sig‘imini oshiradi.