Deputat Akmal Saidov 18-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yangi tarkibidagi birinchi majlisida so‘zlagan nutqida Shavkat Mirziyoyev parlamentga oid yana bir qancha hikmatli tushunchalarni kiritgani haqida gapirib, prezidentni Yangi O‘zbekiston parlamenti me’mori, deb atadi.
“Bugun men parlamentga oid yana bir qancha hikmatli tushunchalarni kiritganingizni eshitdim. Yangi O‘zbekiston parlamenti. Parlament — bu xalq uyi, demokratiya maktabi deganingiz. Bugun xalq xizmatchisi, xalq uyidan xalqchil qonunlar chiqishi kerak, degan yangi bir hikmatli so‘zlarni aytdingiz, shunda men o‘ylab qoldim. Yangi O‘zbekiston parlamenti. Kim Yangi O‘zbekiston parlamentining tashabbuskori, me’mori [deyishsa], men sizni aytardim”, — dedi u.
Saidov raqamlarga to‘xtalarkan, Mirziyoyev 8 yilda 14 marta Qonunchilik palatasi minbarida, 4 marta Senatda gapirganini, bundan tashqari, 4 marta parlament oldida murojaatnoma bilan chiqqanini eslatib o‘tdi. Qonunchilik palatasi bilan alohida uchrashganida palata faoliyatining dasturi va yo‘nalishlarini belgilab berganini alohida ta’kidladi. “Bugungi chiqishingiz ham parlament 2030-yilgacha faoliyat ko‘rsatadigan faoliyatlarining ustuvor yo‘nalishlarini bilib oldik”, — dedi u.
“Men bugungi ma’ruzangizni aytmoqchi edimki, sizning yaqinda chop etilgan 2-fundamental mualliflik kitobingiz — “Hozirgi zamon va O‘zbekiston”da parlamentga oid g‘oyalarning kvitessensiyasi yoki qaymog‘ini ko‘rdim, desam mubolag‘a bo‘lmasdi. Sizning mana shu butun faoliyatingiz davomida parlament har doim diqqat markazda turgan. Bu yerda siz yana bitta narsani — konstitutsiyamizda prezidentga turli davlat hokimiyati organlarning muvofiqlashtiruvchi vazifangiz berilgan. Bu ham qonun chiqaruvchi hokimiyat bilan, ham ijroiya hokimiyat bilan, ham sud hokimiyati bilan. Siz mana shu ishni haqiqatdan ham konstitutsiyaviy darajada bajarib [keldingiz]”, — dedi Saidov.
Uning aytishicha, prezident parlamentga juda ko‘p e’tibor beradi, katta parlamentlararo tashkilotlar vakillari Toshkentga kelganida ular bilan 10 marta uchrashgan. Xususan, Parlamentlararo ittifoq bo‘ladimi, hozir Dilorom opam aytgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Parlament assambleyasi vakillari bo‘ladimi yoki Milliy parlament rahbarlarining deyarli hammasi bilan ko‘rishgan.
Akmal Saidov xorijiy mamlakatlarda bo‘lganida deyarli har doim o‘sha mamlakatning parlament rahbari bilan muloqot qilishi, bu bilan o‘rnak bo‘lib kelishini ta’kidladi.
“O‘ylaymanki, bugungi yana bitta gapingiz to‘g‘ri: bugungi parlament kechagi parlament emas, bugungi deputat kechagi deputat emas, bugungi partiya fraksiyasi, kechagi partiya fraksiyasi emas, degan qoidani juda ham to‘g‘ri aytdingiz. Bundan tashqari, har bitta chiqishingizda — bu parlamentning qonun ijodkorlik faoliyati bo‘ladimi, parlament nazorati bo‘ladimi, uning parlamentlararo aloqalari bo‘ladimi — hammasi bo‘yicha fikrlaringizni aytib kelgansiz. Bugun ham mana shu, bitta yangi parlament komissiyasini tuzish, ya’ni konstitutsiyamizda belgilangan 100 mingta fuqaro qonun tashabbusi bilan chiqishligi. Buni qanday ishlatishimiz kerak? Konstitutsiya mustahkamlamaydi, siz bugun uning tashkiliy-huquqiy yo‘lini ko‘rsatib berdingiz”, — dedi u.
Deputat Mirziyeyov tashabbusi bilan so‘nggi yillarda mayda-mayda kodekslarning o‘rniga bitta yaxlit qonun, 4 ta kodeks qabul qilinganini qo‘shimcha qildi va bu bilan “O‘zbekiston jahon parlamentlaridan oldinda borayotganini va bu haqda ko‘pgina xorijiy parlamentlarning vakillari ham aytayotganini” ta’kidladi.
“Budjet nazorati bo‘yicha yangiliklar-chi? Masalan, har bir dunyodagi parlamentning eng asosiy ishi — bu budjet nazorati. Chunki pul, davlat budjeti, asosan, qayerda taqsimlanadi? Parlamentda. Lekin ajratilgan pulni qanday nazorat qilish kerak? Ijroiya hokimiyati buni qilolmaydi. Hozir siz parlamentning 8 ta kelgusi yillardagi ustuvor yo‘nalishini ko‘rsatdingiz”, — dedi Akmal Saidov.
Saidov nutqida davom etarkan, Parlamentlararo ittifoqning bosh kotibi Martin Chungongning davlat rahbari borasidagi fikrlari bilan bo‘lishdi: “U kishi aytadiki, BMT bosh assambleyasining salkam 79 yillik tarixida biror marta milliy parlamentlar to‘g‘risida rezolyutsiya qabul qilmagan ekan. Bu sizlarning prezidentingiz tashabbusi. Ikkinchidan, prezidentingiz ijroiya hokimiyat yoki davlat boshlig‘i bilan parlamentga bo‘lgan munosabatlarda o‘rnak bo‘ladigan munosabatda. Odatda, davlat boshliqlari parlamentdan qo‘rqadi, parlamentning imkon qadar imkoniyatlarini cheklaydi. Lekin sizning prezidentingiz parlamentni qo‘llab, 3 ta tarmoqniyam — qonun chiqaruvchi, ijroiya va sudni bittada olib boradi. Bu ham jahonda o‘rganiladigan ijobiy narsalardan biri, deb aytgandi”.
“Shuning uchun, men o‘ylaymanki, baxtimizga omon bo‘ling, sog‘ bo‘ling. Alloh va aziz avliyolarning o‘zi sizni qo‘llasin”, — deya so‘zini yakunladi Saidov.