AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga piyodalarga qarshi minalar yetkazib berishga ruxsat berdi, deb yozdi Washington Post amerikalik rasmiylar orasidagi ikki manbasiga tayanib. Qaror Rossiya hududiga zarbalar berish uchun Amerikaning ATACMS raketalaridan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlar olib tashlanganidan keyin qabul qilindi.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, Oq uy bu qadamni Kiyev mudofaasini mustahkamlash va rus qo‘shinlarining Donetsk viloyatida oldinga siljishini cheklash uchun qilgan, chunki Amerika rasmiylari Rossiyaning so‘nggi haftalardagi yutuqlaridan xavotirda.
Gazeta suhbatdoshlaridan birining aytishicha, gap bir necha hafta ichida o‘zini-o‘zi yo‘q qiladigan yoki batareya quvvatini yo‘qotadigan, bu orqali tinch aholi uchun xavfni kamaytiradigan “doimiy bo‘lmagan” minalar haqida ketmoqda.
“Rossiya, yo‘qotishlardan qat’i nazar, Ukrainaning sharqdagi chiziqlariga qo‘shin to‘lqinlari bilan hujum qilmoqda. Yanada ko‘proq shahar va qishloqlar qulash xavfi ostida. Bu minalar aynan shunga qarshi kurashish uchun yaratilgan”, — deya ta’kidladi nashr manbasi.
WaPo manbalarining ta’kidlashicha, yangi minalardan foydalanish faqat Ukraina hududi bilan chegaralanadi va mamlakat sharqida jamlanishi kutilmoqda. Ulardan biriga ko‘ra, Ukraina rasmiylari aholi zich joylashgan hududlarga mina qo‘ymaslikka va’da bergan.
WaPo’ning ta’kidlashicha, Bayden tinch aholi xavfsizligiga xavf tug‘dirishi sababli dastlab Ukrainaga minalar yetkazib berishga qarshi bo‘lgan. Shu sababli u 2022-yilda Amerikaning piyodalarga qarshi minalarini Koreya yarimorolidan tashqariga yuborish va foydalanishni taqiqlagandi.
2022-yil holatiga ko‘ra, AQShdagi piyodalarga qarshi minalar zahirasi taxminan 3 million donani tashkil etadi. Ulardan 1991-yildagi Fors ko‘rfazi urushidan beri, agar 2002-yilda Afg‘onistonda bitta o‘q-dori ishlatilganini hisobga olmasa, foydalanilmagan, dedi AQSh Davlat departamenti.
Ukraina 1997-yilda 164 davlat tomonidan imzolangan piyodalarga qarshi minalarni taqiqlovchi Ottava konvensiyasining a’zosi hisoblanadi. Ishtirokchi davlatlar hech qachon piyodalarga qarshi minalardan foydalanmaslik, ishlab chiqmaslik, ishlab chiqarish yoki sotib olmaslik va o‘z tasarrufidagi barcha zaxiralarni yo‘q qilishga va’da bergan. Rossiya va AQSh shartnomaga qo‘shilmagan.