Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Qurolli Kuchlari salohiyatini oshirishga e’tibor kuchaytirilishini ta’kidladi. Bu haqda u Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bosh vazir lavozimiga nomzodni ko‘rib chiqish va Vazirlar Mahkamasining yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakatlar dasturi muhokamasiga bag‘ishlangan majlisida gapirdi, deya xabar berdi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida bugun butun dunyo nihoyatda notinch va tahlikali bo‘lib turgan vaziyatda davlat mustaqilligi va suverenitetini, xalqning tinch va erkin hayotini eng bebaho boylik sifatida asrash va himoya qilish eng muhim vazifa bo‘lib qolishini ta’kidladi.

“Hech qachon unutmasligimiz zarur: mamlakatimiz xavfsizligi, yurtimiz mudofaasi nafaqat Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qilish idoralari, balki O‘zbekistonni o‘zi uchun ona vatan deb biladigan, millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha insonlarning muqaddas burchidir. Buning uchun yagona vatan, ko‘p millatli yagona ahil oila tuyg‘usi har birimizning qalbimiz, yuragimizdan chuqur joy olishi lozim”, — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev dunyoda turli xatar va tahdidlar avj olib borayotgan hozirgi sharoitda Qurolli Kuchlarning jangovar va ma’naviy salohiyatini oshirishga e’tibor yanada kuchaytirilishini qayd etdi.