Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Abdulla Nigmatovich Aripov O‘zbekiston bosh vaziri lavozimiga tasdiqlandi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev bu lavozimga Abdulla Aripov nomzodini taqdim etarkan, “uni katta tashkilotchilik salohiyatiga ega bo‘lgan, ijro hokimiyati tizimida boy bilim va tajriba orttirgan, mas’uliyatni doimo chuqur his etadigan rahbar” deya ta’riflagandi.

Deputatlar bosh vazir lavozimiga ko‘rsatilgan Abdulla Aripov nomzodini ko‘rib chiqdi. Nomzod Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakatlar dasturini taqdim etdi.

Deputatlar va fraksiyalar rahbarlari so‘zga chiqib, nomzod va dastur yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi. Nomzod va hukumatning dasturi ko‘rib chiqilgach, bosh vazir lavozimiga nomzodni ma’qullash masalasi ovoz berishga qo‘yildi.

Yashirin ovoz berish yo‘li bilan deputatlar Abdulla Aripovni O‘zbekiston bosh vaziri lavozimiga ma’qulladi.

Abdulla Aripov (1961-yilda tug‘ilgan) 2016-yil dekabr oyida O‘zbekiston hukumatiga rahbar bo‘lgan edi. 10 yildan ortiq muddat — 2002-yil maydan 2012-yil avgustgacha bosh vazir o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Bunga parallel ravishda 2005−2009-yillarda O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligini boshqargan.

2016-yilning sentabr oyida mamlakatga yangi prezident saylanganidan keyin Abdulla Aripov hukumatga bosh vazir o‘rinbosari va Vazirlar Mahkamasining Yoshlar siyosati, madaniyat, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari kompleksi rahbari sifatida qaytdi.

2019−2020-yillardagi deputatlik saylovlaridan so‘ng Aripov yana bosh vazir etib tasdiqlangan.