Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi 4-GES yaqinida erkak kishining jasadi topildi, deb xabar berdi “Gazeta.uz"ga Bosh prokuraturasi matbuot xizmati.

Xabarda ta’kidlanishicha, 12-noyabr kuni voqea guvohi 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, Chilonzor tumani Beshyog‘och mahallasidan oqib o‘tuvchi Anhor kanaliga erkak kishi cho‘kib ketgani haqida xabar bergan.

Tuman IIB tezkor-tergov guruhi va FVV xodimlari voqea joyiga borib, cho‘kib ketgan shaxsni qidirishga kirishgan. Tergovdan oldingi tekshiruv uchun materiallar to‘plangan.

Ertasi kuni, 13-noyabr kuni Uchtepa tumani ichki ishlar bo‘limiga bir ayol murojaat qilgan. U 2000-yilda tug‘ilgan o‘g‘li 11-noyabr soat 15:30 atrofida uydan chiqib ketib, g‘oyib bo‘lganini ma’lum qilgan va uni topishda yordam so‘ragan.

Chilonzor tumani IIB navbatchilik qismiga kelib tushgan ma’lumotlarga ko‘ra, 20-noyabr kuni bedarak yo‘qolgan erkakning jasadi Beshyog‘och ko‘chasi, 4-GES hududidagi suvdan topilgan.

Tergovga qadar tekshiruv materiallari Uchtepa tuman prokuraturasiga topshirilgan.