AQShning Kiyevdagi elchixonasi 20-noyabr kuni “ehtimoliy havo hujumi” haqida ogohlantirish e’lon qildi. Unda aytilishicha, ehtimoliy hujum haqida “aniq ma’lumot” olingan. Ehtiyot chorasi sifatida elchixona yopilgan.
AQSh fuqarolariga havo trevogasi e’lon qilingan taqdirda, darhol yashirinishga tayyorgarlik ko‘rish tavsiya etiladi.
Kiyevdagi Ispaniya, Italiya (tashrif buyuruvchilarni uchun yopiq) va Gretsiya elchixonalari ham “havo hujumlari xavfi yuqoriligi” sababli yopilganini e’lon qildi. Elchixona mamlakatda yashovchi ispaniyaliklarga yuborgan elektron xatida mahalliy hokimiyatning barcha tavsiyalariga amal qilish va boshpana yaqinida bo‘lishni tavsiya qilgan.
AQSh elchixonasidagi manbalarning “Suspіlne” telekanaliga aytishicha, diplomatik missiyaning yopilishi Moskvaning yadroviy ritorikasining kuchayishi bilan emas, balki dronlar va raketalarning qo‘shma zarbasi tahdidi bilan bog‘liq.
Kreml ehtimoliy zarba haqidagi ma’lumotlarga izoh berishdan bosh tortdi. Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, “bu masala maxsus harbiy operatsiyaning borishi bilan bog‘liq” va Rossiya Mudofaa vazirligining vakolatiga kiradi.
So‘nggi haftalarda Rossiya qo‘shinlari Ukraina shaharlarining infratuzilmasiga hujumlarni yana kuchaytirdi. Raketa va dronlar zarbalari Kiyev, Odessa va boshqa shahar va hududlarga qaratilmoqda. So‘nggi vaqtlardagi eng kuchli zarbalardan biri 17-noyabr kuni berilgan, o‘shanda Rossiya qo‘shinlari, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, 120 ta raketa va 90 ta dronni uchirib, energetika obyektlarini nishonga olgan.