Energetika vazirligi yoqilg‘i quyish, gaz to‘ldirish va elektr quvvatlash shoxobchalari haqida ma’lumot beruvchi “Avto24” ilovasi test rejimida ishga tushirilganini ma’lum qildi.

“Sir emas, har yili kuz-qish mavsumida avtomobil haydovchilar boshqalarga nisbatan ko‘proq aziyat chekishadi. Ularning asosiy muammosi kunning sovuq paytlarida qayerda yoqilg‘i quyish yoki avtomobilini siqilgan hamda suyultirilgan gaz bilan to‘ldirish mumkinligini aniqlashtirishning imkonsizligida edi. Va nihoyat endilikda bunday muammolarga barham beriladigan bo‘ldi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Energetika vazirligi hamda “Hududgazta’minot” tomonidan test sinovida ishga tushirilgan “Avto24” mobil ilovasi har bir hududdagi eng yaqin yoqilg‘i quyish, avtomobilni siqilgan yoki suyultirilgan gaz bilan to‘ldirish va elektromobillar uchun quvvatlantirish shoxobchalarini topish, narxlarni taqqoslash, boriladigan manzil hamda vaqtni aniq rejalashtirish imkonini berishi aytilgan.

Iste’molchilar mazkur ilovani Android va iOS operatsion tizimi qurilmalari orqali bepul yuklab olishi mumkin.

Ilova avtomobil egalariga hududlardagi barcha yoqilg‘i hamda quvvatlash shoxobchalarini bitta xaritada tezda topish, real vaqt rejimida hozirgi vaqtda mavjud yoqilg‘ining narxi, zaxirasi va qulayliklari haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lish, elektromobil egalari uchun maxsus quvvatlash punktlarining lokatsiyalarini aniqlash singari imkoniyatlarni taqdim etadi.

Shuningdek, iste’molchilar ilova orqali o‘zlariga ma’qul “zapravka”ning reytingini ko‘tarish, yoqilg‘i sifati hamda narxi haqida sharh qoldirishi ham mumkin bo‘ladi. Mobil ilova dasturi avtomatlashtirilgan holda yangilab boriladi.