Prezident Shavkat Mirziyoyev 2030-yilgacha O‘zbekiston iqtisodiyoti hajmini 200 mlrd dollarga yetkazish mumkinligiga ishonch bildirdi. Bu haqda u Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bosh vazir lavozimiga nomzodni ko‘rib chiqish va Vazirlar Mahkamasining yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakatlar dasturi muhokamasiga bag‘ishlangan majlisida gapirdi, deya xabar berdi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmini 160 mlrd dollarga yetkazish maqsad qilib qo‘yilgan. 17-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishdan so‘ng Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov 2030-yilga borib O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotini 160 emas, 200 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi.

Prezident dastlab bunga ayrimlar shubha yoki ikkilanish bilan qaragani, lekin o‘z vaqtida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilgani, barcha imkoniyatlar ishga solingani tufayli bu yilning o‘zida yalpi ichki mahsulot hajmi 110 mlrd dollarga yetishi kutilayotganini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev yangi hukumat, barcha rahbarlar birgalikda qattiq ishlab, islohotlar shiddatini pasaytirmasdan, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotdagi o‘zgarishlarni jadal davom ettirsa, 2030-yilga borib, iqtisodiyot hajmini 200 mlrd dollarga yetkazish mumkinligiga ishonch bildirdi.

“Yana bir bor aytaman, bunday natijalarga erishish uchun kuch va imkoniyatimiz ham, salohiyatimiz ham yetadi!”, — dedi prezident.