Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida hukumatning o‘tgan besh yillik faoliyatiga baho berib, uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan ustuvor vazifalarni e’lon qildi. Muloqotdan parchalar davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadovning Telegram`dagi kanalida e’lon qilindi.
Kun tartibida Abdulla Aripovning bosh vazir lavozimiga nomzodligi va Vazirlar Mahkamasining kelgusi besh yilga mo‘ljallangan harakatlar dasturi ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbari nutqi avvalida O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan strategik va joriy vazifalarni amalga oshirishda barcha bo‘g‘indagi ijro organlari, avvalo, hukumat va uning rahbari zimmasidagi mas’uliyat hozirgi murakkab zamonda har qachongidan ham ortib borayotganini ta’kidladi.
Prezident bugun mutlaqo yangi vakolat va vazifalarga ega bo‘lgan hukumat shakllanayotganini qayd etdi.
Buni Konstitutsiya darajasida birinchi marta kambag‘allikni qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligi, investitsiya, ekologiya kabi muhim yo‘nalishlarda Vazirlar Mahkamasining majburiyatlari belgilab qo‘yilgani ham tasdiqlaydi, deyiladi xabarda.
“Xalqimiz bugun ana shunday hal qiluvchi masalalar bo‘yicha yangi Hukumatdan aniq natijalarni kutmoqda”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yutuqlar
Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi besh yil ichida O‘zbekiston iqtisodiyoti 2 karra o‘sib, 100 milliard dollarlik tarixiy marradan oshdi. Aholi jon boshiga daromad 3 ming dollarga yetishi kutilmoqda (2018-yilda — 1 ming 600 dollar bo‘lgan).
Xususan, Jahon banki 2024-yilda O‘zbekiston Yevropa va Markaziy Osiyoda iqtisodiyoti eng tez o‘sayotgan 3 ta davlat qatoridan joy olganini e’tirof etdi.
Kambag‘allik darajasi so‘nggi 4 yilda 23 foizdan 11 foizga tushdi. Bu yil 9 foizgacha tushishi kutilmoqda.
“Eksport qariyb 2 barobar o‘sib, ilk bor 25 mlrd dollardan, oltin-valyuta zaxiralarimiz esa 40 mlrd dollardan oshdi. O‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 6 karra ko‘payib, buning hisobiga 1,5 millionta yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratildi. Yalpi ichki mahsulotda investitsiyalar ulushi 30 foiz darajasida ta’minlandi”, — dedi prezident.
Davlat rahbarining aytishicha, oldin to‘liq davlat tasarrufida bo‘lgan sohalar, ya’ni, energetika, kimyo, aviatsiya, geologiya, metallurgiya, mashinasozlik, ta’lim va tibbiyotda xususiy sektorga va davlat-xususiy sheriklik munosabatlariga keng yo‘l ochilgani ularning rivojida kuchli omil bo‘lmoqda.
Ayniqsa, energetika sohasida tom ma’noda tarixiy ishlar amalga oshirilmoqda. Ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi hajmi 1,5 karra o‘sib, 83 mlrd kilovatt-soatga yetgani ham buni yaqqol ko‘rsatib turibdi.
So‘nggi uch yilda umumiy quvvati 2,7 mln kilovatt-soat bo‘lgan 10 ta yirik quyosh va shamol stansiyalari ishga tushirildi. Muqobil energiya ulushi o‘tgan yilga nisbatan 3 barobar ko‘paydi.
Prezident ijtimoiy sohada muhim o‘zgarishlar ro‘y berganini ta’kidladi. O‘tgan davrda 25 mingdan ziyod xususiy bog‘cha, 70 ga yaqin nodavlat oliygohi tashkil etilib, qamrov maktabgacha ta’limda — 74 foizdan, oliy ta’limda esa — 39 foizdan oshdi.
Barcha hududlarda “Inson markazlari” ochilib, ijtimoiy xodimlar tomonidan bevosita mahallalarda aholiga 100 dan ortiq ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
Parijda bo‘lib o‘tgan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida sportchilar rekord natijalarni qayd etib, jami 39 ta medal, jumladan, 18 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi.
“O‘zbekiston tarixida ilgari hech qachon bo‘lmagan bunday yutuqlar barchamizga yangi kuch-g‘ayrat baxsh etishi tabiiydir”, — dedi davlat rahbari.
Kelgusi besh yil uchun maqsadlar
Prezident jahon miqyosida hukm surayotgan bugungi o‘ta keskin va og‘ir sharoitda O‘zbekistonda tinchlik va hamjihatlikni saqlab, iqtisodiyotda barqaror o‘sishni ta’minlab, mana shunday marralarga erishish oson bo‘lmaganini ta’kidladi.
Kelgusi 5 yilda aholi soni 40 milliondan ortishi kutilmoqda. Bunday demografik o‘sish, albatta, katta imkoniyat, lekin, shu bilan birga bu holat oldimizga yangi-yangi, o‘tkir vazifalarni qo‘yishi ham shubhasiz.
Ayniqsa, kambag‘allikni qisqartirish, ekologiya, energetika, transport, yo‘l, ichimlik suvi ta’minoti, aholini uy-joy bilan ta’minlash kabi muhim sohalarda xalqimizning talab va ehtiyojlari tobora o‘sib borayotgani ta’kidlandi.
“Shunday dolzarb muammolarga samarali yechimlar topib, yangicha faoliyat olib borish Hukumat uchun jiddiy sinov bo‘lishi tabiiy”, — dedi davlat rahbari.
Prezident bugun ko‘rsatilgan va tasdiqlangan bosh vazir lavozimiga nomzod Abdulla Aripov ana shu masalalarning barchasini inobatga olib, ularni amalga oshirish dasturini taqdim etishi kerakligini ta’kidladi.
Iqtisodiy ko‘rsatkichlar
“O‘zbekiston-2030” strategiyasida hukumat oldiga yaqin yillar uchun katta marralar belgilab qo‘yilgan.
Xususan, mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmini 160 mlrd dollarga yetkazish maqsad qilib qo‘yilgan.
Prezident dastlab bunga ayrimlar shubha yoki ikkilanish bilan qaragani, lekin o‘z vaqtida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilgani, barcha imkoniyatlar ishga solingani tufayli bu yilning o‘zida yalpi ichki mahsulot hajmi 110 mlrd dollarga yetishi kutilayotganini ta’kidladi.
“Yangi hukumat, barcha rahbarlar birgalikda qattiq ishlab, islohotlar shiddatini pasaytirmasdan, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotimizdagi o‘zgarishlarni jadal davom ettirsa, 2030-yilga borib, iqtisodiyot hajmini 200 mlrd dollarga yetkazish mumkinligiga ishonch bildirildi”, — deya hisoblaydi u.
“Yana bir bor aytaman, bunday natijalarga erishish uchun kuch va imkoniyatimiz ham, salohiyatimiz ham yetadi!” — dedi prezident.
Davlat rahbari hukumat faoliyatining eng muhim yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Avvalo, makroiqtisodiy muvozanatni saqlab, kelgusi besh yilda iqtisodiy o‘sish sur’atini 6−7 foiz atrofida ta’minlash zarur. Bunda inflyatsiya darajasi 5−6 foiz, budjet taqchilligi 3 foiz doirasida bo‘lishiga erishish, yillik kreditlash hajmini 30 mlrd dollarga olib chiqish asosiy vazifa bo‘ladi.
Ushbu davrda hukumat kamida 100 mlrd dollarlik xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirishga hamda yillik eksport hajmini 45 mlrd dollarga olib chiqib, unda tayyor mahsulotlar ulushini 50 foizga yetkazishga erishishi lozimligi ta’kidlandi.
Xorijiy turistlar oqimini 5 yilda 15 mln nafarga, turizm xizmatlari eksportini 5 mlrd dollarga olib chiqish uchun barcha imkoniyatlar borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bilan birga norasmiy iqtisodiyotni “soyadan chiqarish”da raqamli texnologiyalarni tayanch vositaga aylantirish lozim. Xususan, kelgusi yilda naqd pulsiz hisob-kitoblarni yanada rag‘batlantirib, onlayn to‘lovlar ulushini 60 foizga yetkazish muhim vazifa bo‘ladi.
Prezident Jahon savdo tashkiloti bilan hamkorlik doirasida asosiy chora-tadbirlar amalga oshirilgani va yaqin yillarda ushbu tashkilotga albatta a’zo bo‘lib kirishni qayd etdi.
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi
Bu yil Sayxunobod, Uychi, Zarbdor, G‘ijduvon tumanlarida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” kompleks dasturi qabul qilingan. Endilikda ko‘p qirrali yondashuvlar asosida kambag‘al oilalarning a’zolariga sifatli ta’lim berish, ularni kasbga o‘qitish, ish bilan ta’minlash, sog‘lig‘ini yaxshilash, psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha individual ko‘mak berish paketlari bo‘lishi belgilandi.
2025-yilda 1 mln aholini kambag‘allikdan chiqarish Vazirlar Mahkamasi iqtisodiy kompleksining asosiy vazifasi etib belgilanadi.
Shu maqsadda kambag‘al oilalar bolalari maktablarda chet tili, kasb-hunar va IT bo‘yicha bepul bilim olishi uchun 500 mlrd so‘m ajratiladi. Ijtimoiy ahvoli og‘ir 1 mingta mahallada infratuzilmani yaxshilash dasturi amalga oshiriladi. Bunga 2 trln so‘m yo‘naltiriladi.
Kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirishga jami 46,5 trln so‘m mablag‘ sarflanadi.
Hukumat, shuningdek, 2030-yilgacha ishsizlikni xalqaro e’tirof etilgan daraja — 5−6 foizdan oshirmaslik bo‘yicha dolzarb vazifalarni ham samarali hal etishi lozimligi ta’kidlandi.
Sanoat
Prezident iqtisodiyot va aholi daromadlarini o‘stirishda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan sanoat tarmoqlariga alohida ahamiyat qaratish kerakligini qayd etdi.
Vazirlar Mahkamasining investitsiya kompleksi kelgusi yilda iqtisodiyotimiz uchun muhim bo‘lgan 300 dan ziyod yirik loyihani ishga tushirishi va to‘liq quvvatlar bilan ishlashini ta’minlashi zarur.
Xususan, “Yoshlik-I” konida birinchi bosqichga, “Muruntov” konida esa keyingi bosqichlarga start beriladi. Shuningdek, Samarqandda yiliga 910 ming tonna mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaradigan kompleks, 600 ming tonna mahsulot beradigan metallurgiya korxonasi, Zarafshonda kaustik soda zavodi, Nukusda isitish tizimlari ishlab chiqarish quvvatlari foydalanishga topshiriladi.
“Navoiyda mikro-GESlarni barpo etish bo‘yicha barcha bosqichlar o‘z resurslarimiz asosida tashkil qilingani yurtimizda sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish imkoniyatlarini to‘liq ishga solish uchun barcha sharoitlar mavjudligini ko‘rsatdi”, — dedi Mirziyoyev.
Shuning uchun, sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish bo‘yicha katta dastur qabul qilinishi belgilandi.
Iqtisodiyotni energiya resurslari bilan ishonchli ta’minlash va energiya samaradorligini 2 karra oshirishga alohida e’tibor qaratish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Xususiy sektor ulushini oshirish va davlat rolini kamaytirish
Kelgusi besh yilda iqtisodiyotda xususiy sektorning ulushini 85 foizga yetkazish ham asosiy vazifalardan biri sifatida belgilandi. Bu borada 2 mingta korxonada davlat ulushini, 5 mingdan ziyod ko‘chmas mulk obyektini sotish, 16 ta yirik majmua aksiyalarini IPOga chiqarish talab etiladi.
Hukumat 30 mlrd dollarlik xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishni ta’minlashi kerak. Vazirlar Mahkamasi 2025-yilda “tejamkorlik va barqarorlik” tamoyili asosida davlat kompaniyalarini transformatsiya qilishni tezlashtirib, ularning xarajatlarini 15−20 foizga qisqartirishi zarur.
Bu borada 1 mlrd dollarlik 18 ta davlat kompaniyasining ulushi berilgan Milliy investitsiya jamg‘armasi faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish lozim.
Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi
Prezident aholi soni ko‘payib borayotgan hozirgi sharoitda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash eng dolzarb vazifa bo‘lib qolishini ta’kidladi.
Bu borada qishloq xo‘jaligining barcha tarmoqlari, avvalo, meva-sabzavotchilikni intensiv rivojlantirish, yangi urug‘ navlarini yaratib, importni 50 foizga qisqartirish bo‘yicha dasturlar bor.
Hukumat bu dasturlar ijrosini ta’minlab, qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishni 1,3 barobar oshirish, har gektar yerdan olinadigan o‘rtacha daromadni 5 ming dollarga yetkazish, sohada eksport hajmi 10 mlrd dollardan iborat bo‘lishi, suv tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan yer maydonlarini 2 karra oshirish bo‘yicha ishni samarali tashkil etishi zarur.
Yangi yilda suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishga 5 trln so‘m, kanallarni betonlashga 800 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
Sog‘liqni saqlash, ta’lim va sport
Prezident ta’kidlaganidek, sog‘liqni saqlash, ta’lim va sportni rivojlantirish bo‘yicha katta dasturlarni samarali va to‘liq amalga oshirish — hamisha hukumatning kun tartibida turishi kerak bo‘lgan asosiy vazifalardir.
Eng avvalo, o‘rtacha umr ko‘rish darajasini 78 yoshga yetkazish uchun birlamchi tibbiy xizmatlarning aholi uchun qulayligi va sifatini oshirish zarur. Xususan, 2025-yilda birlamchi bo‘g‘inda 3 mln 700 ming nafar ayolni skriningdan o‘tkazish, bu jarayonni raqamlashtirish orqali saraton kasalini erta aniqlash ko‘rsatkichini 85 foizga yetkazish mumkinligi ta’kidlandi.
Hukumat mahallalardagi 18 mingta tibbiyot brigadalarini o‘qitish, 884 ming nafar bemorni uy sharoitida reabilitatsiya bilan qamrab olish bo‘yicha yangi tizimni joriy etadi. Shu bilan birga tug‘ruqxonalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga 100 mln dollar yo‘naltiriladi.
Davlat tibbiy sug‘urtasi va aholiga “kafolatlangan paket” asosida tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi kelgusi uch yilda barcha shahar, tuman va qishloqlar qamrab olinishi zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish kabi masalalar bo‘yicha hukumat alohida dasturlar ishlab chiqishi lozim.
Kelgusi yillarda bog‘chalarda qamrovni 80 foizga, oliygohlarda esa kamida 50 foizga yetkazish hukumat uchun asosiy vazifa bo‘lib qoladi.
Xalqaro moliya institutlarining 61 mln dollar mablag‘lari hisobidan 2025-yilda 252 ta yangi bog‘cha barpo etiladi. Shuningdek, 174 ta bog‘cha va 379 ta maktab ta’mirlanadi va yangitdan quriladi. Bu maqsadlar uchun budjetdan 4 trln so‘m ajratiladi.
Tadbirkorlarga maktab qurish uchun 20 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi.
Hukumat va parlament o‘rtasidagi hamkorlik
Prezident aytilgan dolzarb vazifalarni bajarishda yangi hukumatning Qonunchilik palatasi bilan yanada samarali hamkorlik olib borishi muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi va shu nuqtai nazardan Vazirlar Mahkamasi oldida turgan ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
“Avvalambor, ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini odamlarga yanada yaqinlashtirish lozim”, — dedi u.
Shavkat Mirziyoyev xalq davlat idoralariga emas, aksincha, davlat tashkilotlari xalqqa, uning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilishi zarur, degan talab barcha rahbar kadrlar faoliyatining asosiy mezoni ekanini eslatdi.
Qonun qabul qilindimi, u albatta ishlashi, odamlar hayotida sezilarli o‘zgarish qilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Qonunlar ijrosi Oliy Majlis palatalarining tegishli qo‘mitasi va mas’ul ijro etuvchi organ bilan birgalikda o‘rganib borilishi muhim ahamiyatga ega.
Prezident ijro etuvchi hokimiyat organlari qarorlar qabul qilishda qonuniylikni, ularning asoslangan bo‘lishini ta’minlashi lozimligini aytdi.
Prezident o‘z nutqini yakunlar ekan, belgilangan vazifalar ijrosi yangi hukumatdan yuksak mas’uliyat, samarali boshqaruv va har tomonlama fidoyilikni talab qilishini alohida ta’kidladi. Shavkat Mirziyoyev barcha darajadagi davlat hokimiyati organlarining muvofiqlashtirilgan faoliyati ko‘zlangan maqsadlarga erishish, fuqarolarning turmush darajasini yuksaltirish, O‘zbekistonning jahon miqyosidagi mavqeini mustahkamlash imkonini berishiga ishonch bildirdi.